Jahon | 09:40 / 29.08.2023
5963
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina mudofaa vaziri korrupsiyaga oid yangi ayblovlarni rad etdi

Ukraina matbuoti Mudofaa vazirligi qishki formalarni turk firmasidan oshirilgan narxda sotib olganini xabar qildi. Vazir Oleksiy Reznikov bunga javoban jamoatchilikni adashmaslikka chaqirdi.

Foto: Boris Roessler / dpa / Global Look Press

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov o‘z idorasiga qo‘yilgan korrupsiyaga oid yangi ayblovlarni rad etdi. Mudofaa vazirligi rahbari 28 avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qishki kiyim-kechaklarning oshirilgan narxlarda xarid qilinishi haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, «axborotga tanqidiyroq va mas’uliyat bilan yondashishga» chaqirdi.

Avvalroq Ukrainaning bir qator ommaviy axborot vositalari Ukraina Mudofaa vazirligi 2022 yil oxirida Turkiya kompaniyasi bilan harbiy xizmatchilar uchun qishki kiyim-kechak yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagani, biroq Ukrainaga yo‘lda partiyaning narxi uch barobarga oshgani haqida yozgan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, turk shirkati egalaridan biri hukmron «Xalq xizmatkori» partiyasidan deputat Gennadiy Kasayning jiyani Aleksandr Kasay hisoblanadi.

Reznikov fikricha, bunday ma’lumotlarning tarqalishi «jamiyatni chalg‘itadi» va Ukraina obro‘sini sheriklari oldida tushirib yuborishi mumkin. Shartnoma «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq va tender tartibida tuzilgan, dedi vazir.

Ukraina armiyasi atrofidagi korrupsiya mojarosi

Yanvar oyida Ukrainadagi bir necha yuqori martabali harbiy amaldorlar harbiy xizmatchilar uchun supermarketlardagidan 2-3 baravar qimmat narxlarda oziq-ovqat xarid qilinishi yuzasidan jurnalistik tekshiruvdan so‘ng o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. O‘shanda Reznikov korrupsiyaga qarshi kurash idoralari faoliyatidagi «muvaffaqiyatsizlik»ni tan oldi.

Avgust oyi boshida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qurolli kuchlar safiga chaqiruv bo‘yicha mas’ul bo‘lgan barcha viloyat harbiy komissarlarini ishdan bo‘shatgan edi. Bu harbiy xizmatga chaqirilmaslik uchun harbiylarga pora berish haqidagi ma’lumotlardan keyin sodir bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid