Jahon | 08:20 / 04.09.2023
5421
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya TIV: Yevropa xavfsizlik tizimi Rossiyani ham hisobga olishi kerak

Rossiya mavjud va bundan keyin ham shunday bo‘ladi, Yevropada xavfsizlik arxitekturasini yaratishda uning manfaatlarini ham hisobga olish kerak, deb hisoblaydi Katrin Kolonna.

Foto: REUTERS/Sarah Meyssonnier

Yevropada yangi xavfsizlik tizimi barcha mamlakatlar, jumladan, Rossiya manfaatlarini hisobga olgan holda yaratilishi kerak. Bu haqda Fransiya tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna 3 sentabr, yakshanba kuni chop etilgan Le Monde gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Men Ukrainadagi vaziyat Rossiyaga nisbatan o‘ta salbiy munosabat shakllantirayotganini tushunaman. Biz Rossiyaga emas, balki uning xatti-harakatlariga, Ukraina manfaati hamda butun dunyoda tinchlik va xavfsizlik uchun mag‘lub etilishi kerak bo‘lgan Rossiya agressiyasiga salbiy munosabatdamiz», dedi Kolonna. 

Tashqi ishlar vaziri «Rossiya bor va bundan keyin ham shunday bo‘ladi», deb ta’kidladi. «Haqiqat, tarix va geografiya mamlakatning muhim qismi Yevropa qit’asida ekanligini ko‘rsatmoqda. Rossiya bilan birgalikda biz xavfsizlikni ta’minlash sohasida barchaning manfaatlarini hisobga oladigan mustahkam xavfsizlik arxitekturasini tiklash yo‘lini topishimiz kerak», dedi u. 

Biroq, bu Ukraina «NATOga qo‘shilmaydi» degani emas, dedi Kolonna va G‘arb Ukrainani «o‘z suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini to‘liq tiklay olishi uchun» qo‘llab-quvvatlashda davom etishini qo‘shimcha qildi. 

Mavzuga oid