O‘zbekiston | 18:16 / 04.09.2023
12353
5 daqiqa o‘qiladi

Talabalarning Toshkentga qaytishi: ular qanday kutib olindi?

Yangi o‘quv yili boshlanib, talabalarning qadrdon muammosi boshpana topish kun tartibiga chiqadi. Kun.uz poytaxtning ayrim oliygohlariga borib, turar joy bilan ta’minlash qanday o‘tayotganini bilish uchun talaba va ota-onalar bilan suhbatlashdi. Rasmiylar 1-bosqich talabalari yotoqxona bilan to‘liq ta’minlanishini aytmoqda.

Talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha vaziyatni o‘rganish uchun Kun.uz muxbirlari Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va talabalar shaharchasida bo‘ldi. Bu gal o‘tgan va undan oldingi yillardagidek turnaqator navbatlar, qo‘lida ko‘rpa-yostig‘ini ko‘tarib sarson yurgan talaba va ota-onalar manzarasi kamaygan. Vaziyat yaxshilanib, talabalar yotoqxonaga joylashish uchun navbatda turib emas, onlayn ariza berish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Bir necha yillardan beri jurnalistlar hamda jamoatchilik vakillari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan eng kamida 1-bosqich talabalarini o‘qish boshlanguncha yotoqxona bilan ta’minlashni hal qilishni so‘rab kelardi. 

2023/2024 o‘quv yildan boshlab mygov.uz tizimi orqali 1-bosqich talabalari yotoqxona uchun ariza qoldirib, o‘quv yili boshlanguncha joylashib olishlari mumkin bo‘ldi. Kun.uz muxbirlari bu tizim qanchalik o‘zini oqlaganini bilish uchun ota-onalar va talabalarga mikrofon tutdi.

Aksar birinchi kurslar yotoqxona uchun onlayn ariza berib, yotoqxonaga joylashgan. Buni ularning ota-onalari ham tasdiqladi. Onlayn ariza berish shaklidan xabardor bo‘lmagan yoki tushunmovchilikka duch kelgan talabalar esa oliygohlar yonida tashkil etilgan shtablarga murojaat qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mandat javoblari e’lon qilinganidan keyin bu shtablar yotoqxonaga onlayn joylashishga ariza berish haqida talabalarga sms xabarnoma jo‘natgan. Bu haqda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ma’naviyat bo‘limi boshlig‘i Munis Xo‘jayev ma’lumot berdi. Uning aytishicha, oliygoh tomonidan jo‘natilgan xabarlarga qaramay, ayrim talabalar yotoqxonaga ariza berishda tushunmovchiliklarga duch kelgan.

"Ayrim talabalar yotoqxonaga joylashish uchun ariza yuborgan. Ularga yo‘llanma ham kelgan, lekin uni chiqarish imkoniga ega emas. Yoki ayrimlar hali ariza topshirishdan bexabar. Shunday paytda shtabdagi xodimlar ular uchun ariza to‘ldirib berib, yotoqxonaga joylashish uchun yo‘llanmalarini olib beryapti. Shuni aytishim kerakki, avvalo 1-bosqich talabalari yotoqxona bilan to‘liq ta’minlanadi, keyin esa boshqa kurslar”, – deydi Xo‘jayev talabalar duch kelayotgan muammolar haqida.

Mas’uldan qolgan kurslarni turar joy bilan ta’minlash masalasi qanday hal qilinayotgani haqida ham so‘radik. Xo‘jayevning bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2-, 3- va 4-kurslar dekanatga murojaat qilib, ijara xonadonlari haqida ma’lumot olishlari mumkin.

Biz yoz davomida poytaxtdagi 2000ga yaqin ijara uylar imkoniyatini o‘rgandik. Mana shu ijara xonadonlarining har biriga 3-4 nafardan talabani joylashni reja qilganmiz”, – deydi u.

Keyingi o‘quv yilidan faqat 1-kurslar emas, yuqori kurs talabalari ham mygov.uz orqali yotoqxona uchun ariza berishlari mumkin bo‘ladi.

Aytib o‘tish kerakki, mygov.uz tizimidan talaba yoki ota-onalarning yaxshi xabardor emasligi, yotoqxona olishda kutib qolishlarga sabab bo‘lyapti. Chunki arizalar berilgandan keyin 2-3 ish kunida ariza beruvchining telefon raqamiga ma’lumot keladi. Va keyin yo‘llanma beriladi. Balki vazirlik keyingi yillardan yotoqxona uchun ariza berishni yana ham ertaroq boshlashi va talabalarni tizimdan ko‘proq xabardor qilish harakatlarini ko‘paytirsa, sarsongarchiliklar yana ham qisqarishi mumkin.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator va montaj ustalari – Abdusalim Abduvohidov, Asror Almuradov, Muhiddin Nido

Mavzuga oid