Jahon | 10:11 / 06.09.2023
6622
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev: Qozog‘iston qurolli kuchlari har qanday chaqiriqlarga tayyor bo‘lishi kerak

Qozog‘iston prezidenti «Batil to‘ytaris-2023» strategik qo‘mondonlik-shtab harbiy mashg‘ulotlariga tashrifi chog‘ida harbiylar bilan suhbatlashdi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston qurolli kuchlari har qanday chaqiriqlarga tayyor bo‘lishi kerak. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Batil to‘ytaris-2023» strategik qo‘mondonlik-shtab harbiy mashg‘ulotlariga tashrifi chog‘ida harbiy xizmatchilar bilan suhbatda aytib o‘tdi.

«Bugungi kunda jahon mudofaa tizimida keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Urushning zamonaviy usullari, ayniqsa, gibrid turlari keng tarqalmoqda. Hujumlar nafaqat harbiy, balki axborot, psixologik, siyosiy, iqtisodiy va boshqa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Qozog‘iston qurolli kuchlari har qanday chaqiriqlarga tayyor bo‘lishi kerak», — dedi To‘qayev, uning so‘zlari Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati tomonidan keltirilgan.

Davlat rahbarining fikricha, Qozog‘iston armiyasi yuqori professional, harakatchan va eng qiyin jangovar topshiriqlarni bajarishga tayyor bo‘lishi kerak. 

«Buning uchun uni yuqori texnologiyali qurollar va yuqori sifatli harbiy texnika bilan jihozlash, o‘q-dorilar bilan to‘liq ta’minlash prinsipial ahamiyatga ega. Yaqinda qilgan murojaatimda men ustuvor vazifa – mahalliylashtirish ulushi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish siklini yaratish haqida aytdim. Zirhli mashinalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, zamonaviy o‘qotar qurollar – bularning barchasini o‘zimizda ishlab chiqarishimiz mumkin va kerak. Umuman olganda, harbiy-sanoat majmuasi armiyamizning jangovar salohiyati uchun ishonchli poydevor bo‘lishi kerak», – dedi u.

«Batil to‘ytaris-2023» harbiy mashg‘ulotlarida davlat va harbiy boshqaruv organlarining mudofaa operatsiyasini o‘tkazishga tayyorligi tekshirildi. 

Mashg‘ulotlarga 8000 nafar harbiy xizmatchi hamda 600 dona qurol-yarog‘ va harbiy texnika jalb etilgan.

Mavzuga oid