Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Rossiyaning muzlatilgan aktivlari miqdorini 280 mlrd dollarga baholadi
Rossiyaning 280 milliard dollarga yaqin aktivlari butun dunyo bo‘ylab muzlatilgan, ularning aksariyati Yevropa Ittifoqida. Moskva aktivlarning muzlatilishini noqonuniy deb hisoblaydi.
Rossiyaning qariyb 280 milliard dollarlik aktivlari butun dunyo bo‘ylab bloklangan. Bu haqda AQSh Moliya vazirligining Rossiya elitalari, ishonchli vakillari va oligarxlari (REPO) bo‘yicha ishchi guruhi ma’lum qildi.
REPO yig‘ilishida Yevropa Komissiyasi, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va Italiyadan vakillar ishtirok etdi. Guruh REPO mamlakatlari yurisdiksiyasida saqlanayotgan va bloklangan aktivlarni xaritalash va hisobga olish bo‘yicha dastlabki ishlarni yakunlagan.
«Hisoblangan aktivlarning umumiy qiymati taxminan 280 milliard dollarga baholanmoqda, ularning aksariyati Yevropa Ittifoqida joylashgan», deyiladi AQSh Moliya vazirligi xabarida.
Guruhga a’zo davlatlar «Rossiyaning REPO a’zolari yurisdiksiyasidagi suveren aktivlari Rossiya tomonidan Ukrainaga yetkazilgan zarar to‘lanmaguncha muzlatilgan holda qolishi» uchun choralar ko‘rishga va’da bergan. Shuningdek, ular bloklangan aktivlarni yil oxirigacha to‘liq taqqoslashdan o‘tkazish bo‘yicha ishlarni yakunlashni rejalashtirmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin G‘arb davlatlari Rossiya va fuqarolariga tegishli aktivlarini bloklashni boshladi. Rossiya moliya vaziri Siluanov 2022 yil mart oyi o‘rtalarida AQSh, Yevropa Ittifoqi va ularning ittifoqchilari sanksiyalari tufayli Rossiyaning 300 milliard dollarga yaqin zaxiralari muzlatib qo‘yilgani haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya oltin-valuta zaxiralarining yarmidan mahrum bo‘lgan. O‘tgan iyun oyida AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning butun dunyo bo‘ylab muzlatilgan aktivlari qiymatini taxminan 330 milliard dollarga baholagan edi, shundan 300 milliard dollarga yaqini Markaziy bankning aktivlaridir. Yevropa Ittifoqi 2023 yil iyulida Rossiyaning 207 milliard yevrolik (deyarli 222 milliard dollar) aktivlarini, shu jumladan Markaziy bank aktivlarini bloklaganini e’lon qildi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda Kiyevga tashrifi chog‘ida Qo‘shma Shtatlar sanksiya ostidagi shaxslardan musodara qilingan aktivlarni Ukrainaga berilishini va bu mablag‘lar ukrainalik urush faxriylarini qo‘llab-quvvatlash uchun sarflanishini aytdi. Shundan so‘ng, AQSh prokuraturasi bloklangan Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainaga berish rejasini e’lon qildi.
Kreml AQSh Davlat kotibining bayonotiga salbiy munosabat bildirdi. «Rossiya davlat yoki xususiy mulk bilan bog‘liq har qanday mablag‘larni blokirovka qilish bilan bog‘liq barcha holatlarni noqonuniy xatti-harakatlar deb biladi», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning ta’kidlashicha, Kreml «bunday noqonuniy harakatlarning birortasini» e’tiborsiz qoldirmaydi.