Jahon | 09:57 / 08.09.2023
4365
3 daqiqa o‘qiladi

NATO: Ruminiyada dron parchalarining topilishi ataylab qilingan hujum belgisi emas

Ruminiyada uchuvchisiz uchoq qismlarining topilishi NATO uchun ataylab qilingan hujum belgisi emas, dedi Stoltenberg. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Odessa viloyatidagi Ukraina Qurolli kuchlari uchun yoqilg‘i omborlariga qilingan hujumlar haqida ma’lumot berdi.

Foto: Euronews

Ruminiya rasmiylari tomonidan uchuvchisiz uchoq qismlarining topilishi NATO uchun Rossiyaning «qasddan hujumi» belgisi emas, dedi alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg. «Bizda Rossiya tomonidan qasddan hujum uyushtirilganini ko‘rsatuvchi hech qanday ma’lumot yo‘q va biz davom etayotgan tergov natijalarini kutmoqdamiz», — dedi u 7 sentabr, payshanba kuni Yevroparlamentdagi matbuot anjumani chog‘ida. 

4 sentabr kuni Ruminiya hududiga Rossiya uchuvchisiz uchog‘i qulagani haqida Ukraina TIV rasmiy vakili Oleg Nikolenko Ukraina chegarachilariga tayanib xabar berdi. O‘sha kunga o‘tar kechasi «Zerkalo Nedeli» va «Izmail City» gazetalari Odessa viloyatining Izmail port shahrida (Dunay qirg‘og‘ida joylashgan, Ruminiya bilan chegara daryo bo‘ylab o‘tadi) portlashlar haqida yozgan edi. 

Ruminiya Mudofaa vazirligi avvaliga Kiyev bayonotini qat’iyan rad etdi. Ertasi kuni prezident Klaus Yoxannis ham raddiya berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ruminiya hududiga «bir dona ham, bitta ham dron, uning birorta qismi ham tushmagan». Shu bilan birga, Yoxannis NATO hech qanday tafsilotlarni keltirmasdan, alyansga a’zo davlat hududida uchuvchisiz uchoq halokatga uchragan taqdirda harakat rejasini kelishib olganini ta’kidladi. 

Uchuvchisiz uchoq parchalari

Biroq, keyin Ruminiya Mudofaa vazirligi Plauru mintaqasida (Dunay qirg‘og‘idagi qishloq, Ukraina Izmail daryosining narigi tomonida) o‘rganilayotgan uchuvchisiz uchoq parchalari topilganini e’lon qildi. Digi 24 va Antena 3 telekanallari dronni «Rossiyaniki» deb atadi. Ruminiya prezidenti Buxarestning qarama-qarshi bayonotlarini avvalroq mavjud bo‘lgan faktlar bilan izohladi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi 3 sentabr kuni Odessa viloyatiga berilgan so‘nggi zarba haqida ma’lum qildi. O‘shanda, idoraning ta’kidlashicha, uchuvchisiz uchoqlar Ruminiya bilan chegara yaqinidagi Dunay qirg‘og‘ida Reni portida Ukraina Qurolli kuchlariga harbiy texnika yetkazib berishda foydalaniladigan yoqilg‘i saqlash omborlariga hujum qilgan.

Mudofaa vaziri Sergey Shoygu avgust oyida Ukraina don omborlari yaqinida uchuvchisiz uchoqlar va ekipajsiz qayiqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganini va Qora dengiz portlarida qurol-yarog‘lar to‘plaganini, «g‘alla bitimi»ni Rossiya zarbalaridan himoya sifatida ishlatayotganini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid