Jahon | 10:50 / 08.09.2023
2663
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiya aktivlaridan olinadigan foydaga soliq solishni muhokama qilmoqda

Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktivlari 3 milliard yevroga yaqin ortiqcha foyda keltirishi mumkin. Yevropa Komissiyasi ushbu daromadlarni soliqqa tortish va ularni Yevropa Ittifoqi budjetiga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Foto: Shutterstock

Yevropa Ittifoqi vakillari shu haftada Ukrainani qayta tiklashga yordam berish uchun Rossiya bankining muzlatilgan aktivlaridan olinadigan foydaga soliq joriy etish masalasini muhokama qilish bo‘yicha bir qator uchrashuvlarni boshlaydi. Bu haqda 6 sentabr kuni manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Unga ko‘ra, Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining ijro etuvchi organi sifatida Markaziy bankning200 mlrd yevrodan ortiq miqdorda bloklangan aktivlaridan olingan daromadlarni YeI budjetiga qonuniy o‘tkazish imkonini beruvchi uch bosqichli rejani taklif qilmoqchi. Avvalo, aniq moliyaviy majburiyatlarni va ularning hajmini aniqlash, ikkinchidan, markaziy depozitariylarga Rossiya hisobvaraqlaridagi mablag‘ qoldiqlarini ajratish bo‘yicha talablarni shakllantirish va uchinchi, yakuniy bosqich sifatida ushbu daromadlarni soliqqa tortish va ularni Yevropa Ittifoqi budjetiga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Politico nashri xuddi shu reja haqida yozar ekan, bunday bosqichma-bosqich yondashuv Yevrokomissiyaga YeI davlatlari o‘rtasida muzokaralar olib borish uchun zarur bo‘lgan vaqtni berishini ta’kidlaydi. 

YeK rejasini muhokama qilish 7 sentabrda boshlandi 

Bloomberg manbalari 7 sentabr kuni Yevrokomissiya vakillari rejani muhokama qilish uchun Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya va Fransiya rasmiylari bilan uchrashganini aytdi. Kelgusi hafta Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Hujjatni qabul qilish uchun ular umumiy ovoz berishi kerak, chunki masala birgalikdagi tashqi siyosat va xavfsizlikka tegishli. 

Shu bilan birga, ta’kidlanganidek, soliqqa tortish va ortiqcha foydaning musodara qilinishi YeI mamlakatlari uchun ham huquqiy, ham moliyaviy muammolarni keltirib chiqaradi. Ulardan ba’zilari Rossiya aktivlarining olib qo‘yilishi yevrohududning sarmoyaviy jozibadorligini pasaytiradi, degan xavotirda, deb yozadi Politico va Bloomberg. Ayni paytda Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha muzlatilgan mablag‘larni to‘liq musodara qilishni so‘ramoqda. 

Muzlatilgan aktivlar 3 milliard yevro olib kelishi mumkin 

Rossiya Bankining muzlatilgan aktivlari taxminan 3 milliard yevro ortiqcha foyda keltirishi kutilmoqda, garchi ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu raqam bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Aktivlarning yarmidan ko‘pi naqd pul va depozitlar, qolganlarining «sezilarli qismi» esa yaqin ikki-uch yil ichida muddati tugashi bilan naqd pulga aylanadigan qimmatli qog‘ozlardir, deb avvalroq xabar bergan edi Bloomberg. 

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen iyun oyi o‘rtalarida Rossiya aktivlaridan «yozgi ta’til oldidan» foydalanish bo‘yicha taklif kiritishga va’da bergandi, ammo bu amalga oshmadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid