Toshkent shahridagi noqonuniy chiqindixona bartaraf etilib, hudud tartibga keltirildi.
Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 49-oilaviy poliklinika yonida chiqindilar to‘planayotgani haqida xabar tarqalgan edi. Masala Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi ekspertlar guruhi a’zolari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi mas’ullari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari tomonidan o‘rganildi.
Qayd qilinishicha, xabarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan va Yunusobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi avtoturargohi hududida chiqindilar noqonuniy ravishda joylashtirilgani aniqlangan.
Mas’ullar tomonidan holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilgan. Kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgani aytilmoqda.