Jahon | 21:50 / 12.09.2023
9430
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik tadqiqotchi Turkiyaning chuqur g‘oridan qutqarib olindi 

Turkiyadagi eng chuqur g‘orlaridan birida bir necha kun davomida qolib ketgan amerikalik speleolog yer yuzasiga olib chiqildi. Jarayonda yuzlab qutqaruvchilar ishtirok etdi. 

Foto: Reuters

40 yoshli Mark Dikki Turkiya janubidagi Morka g‘orini o‘rganayotgan va yangi xaritasini tuzayotgan edi. 2 sentabr kuni u bir kilometrdan ko‘proq chuqurlikda kasal bo‘lib qoldi: uning oshqozonidan qon keta boshladi. Speleolog bu haqda yer yuzasidagi hamkasblariga xabar berishga muvaffaq bo‘ldi. 

Qutqaruv operatsiyasi shu kuni boshlandi va unga Turkiya, Xorvatiya, Italiya va boshqa mamlakatlardan 150 dan ortiq qutqaruvchilar jalb qilindi. G‘orning ba’zi joylari o‘tish uchun juda torligi sababli, qutqaruv operatsiyasi murakkab tus oldi. Shunday bo‘lsa-da, dastlab Dikkiga dori-darmonlar va oziq-ovqat yetkazildi. 

Qutqaruvchilar g‘or bo‘ylab turli darajadagi kichik tibbiy baza lagerlarini qurdilar, shunda tadqiqotchini olib chiqish jarayonida dam olish imkoniyati yaratildi. 

10 sentabr kuni Dikki zambilda 700 metr chuqurlikka, ertasi kuni esa 180 metrga ko‘tarildi.  

Qutqaruv operatsiyasi davomida tadqiqotchiga tibbiy yordam ko‘rsatilib, qon quyildi. Nihoyat 12 sentabr kuni amerikalik yer yuzasiga olib chiqildi. 

Mark Dikki qutqarilganidan keyin to‘lqinlanib ketdi. 

«Men o‘zimga «Yashay olamanmi?» degan savolni berardim. Bu meni aqldan ozdirdi. Men vaziyat unchalik jiddiy emas, o‘lmasam kerak, deb o‘yladim. Shundan keyin juda ko‘p qon qusdim... Endi omon qolmasam kerak degan fikrlar xayolimga keldi», dedi Dikki.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid