Jahon | 10:26 / 13.09.2023
23963
5 daqiqa o‘qiladi

Putin yangi tamoyillar asosida qurol ishlab chiqilayotganini e’lon qildi

Rossiya prezidenti qanday qurollar ishlab chiqilayotganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga, u yaqin kelajakda bunday qurollar har qanday davlat xavfsizligini ta’minlashini ta’kidladi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya qurollarni yangi jismoniy tamoyillar asosida ishlab chiqayotganini aytdi. «Xavfsizlik sohasiga nazar tashlasangiz, yangi jismoniy tamoyillarga asoslangan qurollar yaqin tarixiy kelajakda har qanday mamlakat xavfsizligini ta’minlaydi. Biz buni juda yaxshi tushunamiz va buning ustida ishlayapmiz», - dedi u 12 sentabr, seshanba kuni Vladivostokda Sharqiy iqtisodiy forum moderatorlari bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida. 

Rossiya prezidenti gap qanday qurol haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. TASS agentligining qayd etishicha, yangi jismoniy tamoyillarga asoslangan qurollar sifat jihatidan yangi yoki ilgari foydalanilmagan texnologiyalar va ishlash tamoyillarini nazarda tutadi. Ushbu turdagi qurollarga odatda lazer, infratovush va radiochastotali vositalar kiradi.

2018 yil mart oyida Putin Federal majlisga murojaatining muhim qismini yangi qurollar taqdimotiga bag‘ishladi. O‘shanda u, xususan, «Sarmat» raketasi va «Kinjal» gipertovushli majmua, qit’alararo masofali suvosti apparatlari hamda «cheksiz masofaga va oldindan aytib bo‘lmaydigan parvoz yo‘liga ega bo‘lgan» yadroviy qurilmaga ega yangi qanotli raketa haqida gapirdi. Ushbu turdagi qurollarning ba’zilari allaqachon foydalanishga topshirilgan, qolganlari, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hali ham ishlab chiqilmoqda.

Ukrainadagi urush va Kiyev bilan muzokaralar 

Ukrainaga qarshi urush va Kiyev bilan ehtimoliy tinchlik muzokaralari masalasiga to‘xtalgan Putin, agar Qo‘shma Shtatlar Ukraina muzokaralarga tayyor deb hisoblasa, u holda Kiyevdan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning muzokaralarni taqiqlovchi farmonini bekor qilishga erishishi kerakligini aytdi. Gap 2022 yilning kuzida imzolangan Rossiyaning Ukraina hududlarini anneksiya qilishiga javoban qabul qilingan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qarorini amalga oshirish to‘g‘risidagi farmon haqida ketmoqda. Unda Rossiyaning amaldagi prezidenti bilan muzokaralar olib borish mumkin emasligi aytilgan. 

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qarshi hujumni «amalga oshirishga» urinayotgan bir paytda, Rossiya janglarni to‘xtata olmaydi. 

Prezident o‘z nutqida Ukrainaga qarshi urushni tanqid qilgan rossiyalik relokantlarni «vatanparvar bo‘lib qoladimi yoki Rossiya muxoliflari manfaatlarini ko‘zlab harakat qiladimi», shu haqda bir qarorga kelishga chaqirdi. «Ushbu chegara bunday bayonotlar bilan chiqqan odamlarning vijdoniga havola. Odatda, bu odamlarning o‘z biznesi va mol-mulkini saqlab qolish istagi bilan bog‘liq, ayniqsa, bu odamlar ko‘chib ketgan va hayotlarini boshqa mamlakat bilan bog‘lashga qaror qilgan bo‘lsa», - dedi u.

Putin Chubaysni «Moshe Izrailevich» deb atadi

Misol tariqasida Putin Isroilga ko‘chib o‘tgan «Yandeks» asoschisi Arkadiy Volojni keltirdi. «Tasavvur qilishim mumkinki, u yerda yaxshi yashash va hokimiyat bilan yaxshi munosabatda bo‘lish uchun ma’lum bayonotlar berishga majbur bo‘lyapti. U o‘sha yerda jim o‘tirgan edi, endi bayonot berishga qaror qildi. Asosiysi, salomat bo‘lsin va yaxshi yashashda davom etsin, bu, rostini aytsam, bizga zarar yetkazmayapti», dedi Putin.

U, shuningdek, Rossiya bosh vazirining sobiq o‘rinbosari, keyinroq «Rosnano» rahbari Anatoliy Chubaysning Rossiyadan ketishiga izoh berdi. «Anatoliy Borisovich negadir u yerda yashirinyapti. Ular menga internetdan qandaydir fotosuratni ko‘rsatishdi, u endi Anatoliy Borisovich Chubays emas, balki qandaydir Moshe Izrailevich. Nega u bunday qilyapti? Qochib ketdi», dedi Putin. 

May oyida Isroil matbuoti Chubays va uning rafiqasi Avdotya Smirnova Isroil fuqarolarining doimiy hujjatlarini so‘ragani haqida xabar bergan edi. Anatoliy Chubays bu ma’lumotni rad etgan. 

Iqtisodiy mavzular 

Vladimir Putin Vladivostok forumidagi nutqida iqtisodiy mavzularga ham to‘xtaldi. U, xususan, nazoratsiz inflatsiyaning ichki iqtisodiyot uchun xavfli oqibatlari haqida ogohlantirdi.

Putin Rossiya iqtisodiyotida «davlatning ishtiroki juda ortib borayotgani»ga haqidagi da’volarga qo‘shilmasligini aytdi. Uning fikricha, biznes va davlat teng huquqli sherik bo‘lishi kerak. Hukumat soliq yukini oshirish zarurligini ko‘rmayapti, deya qo‘shimcha qildi prezident. 

Mavzuga oid