O‘zbekiston | 13:31 / 13.09.2023
10684
1 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev kelasi hafta AQShga tashrif buyuradi 

Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zlaydi hamda S5+1 formatidagi AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari birinchi uchrashuvida ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev keyingi hafta AQShga tashrif buyuradi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zlaydi hamda S5+1 formatidagi AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidenti boshqa mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro moliya tashkilotlari yetakchilari bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.

19-25 sentabr kunlari Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining Oliy darajadagi haftaligi bo‘lib o‘tadi.

Oliy darajadagi haftalik 19 sentabr kuni, an’anaga ko‘ra, Braziliya prezidenti nutqi bilan boshlanadi. So‘ngra AQSh rahbari nutqi rejalashtirilgan. 

Shu bilan birga, assambleyaning birinchi kunida Ukraina, Turkiya, Janubiy Afrika, Vengriya, O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining chiqishlari ham rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid