Jahon | 22:57 / 13.09.2023
7676
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy iPhone qurilmalariga taqiq qo‘yganini rad qildi 

Xitoy Apple kabi xorijiy brendlardan telefon sotib olish va ulardan foydalanishni taqiqlovchi qonunlar, qoidalar yoki me’yoriy hujjatlar chiqarmagan. 

Foto: Reuters

Xitoy iPhone smartfonlarini xarid qilish va ulardan foydalanishga taqiq qo‘ygani yo‘q. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Ning bayonotiga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi. 

Avvalroq ommaviy axborot vositalarida Xitoy davlat xodimlariga ish joyida iPhone qurilmalarini ishlatish va ularni ofisga olib kirish taqiqlangani haqida xabar tarqalgan edi. 

«Xitoy Apple kabi xorijiy brendlardan telefon sotib olish va ulardan foydalanishni taqiqlovchi qonunlar, qoidalar yoki me’yoriy hujjatlar chiqarmagan», dedi Mao Ning. 

Shu bilan birga, u Apple smartfonlarining xavfsizligi bilan bog‘liq turli xil hodisalar haqidagi xabarlarga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumati mahalliy yoki xorijiy kompaniya bo‘lishidan qat’i nazar, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikka katta ahamiyat beradi. 

O‘tgan moliyaviy yilda Apple kompaniyasi umumiy daromadining qariyb 19 foizi Xitoy bozoriga to‘g‘ri kelgan edi. 

Avvalroq, Xitoy iPhone qurilmalariga taqiq qo‘ygani haqida xabar tarqalganidan keyin Apple aksiyalari narxi tushib ketgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid