Jahon | 13:37 / 15.09.2023
7389
2 daqiqa o‘qiladi

YeI: Kosovo Serbiya bilan munosabatlarni normallashtirishga to‘sqinlik qilmoqda

Kosovo bosh vaziri Kosovo serblariga kengroq muxtoriyat berishga tayyor emas, dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari Borrel. Ilgari Kosovo hukumati Serbiyaning bu talabini bajarishga va’da bergan edi.

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqi Kosovoni Serbiya bilan munosabatlarni normallashtirishga to‘sqinlik qilganlikda aybladi. «Bugungi kunda kelishmovchiliklarni yengib o‘tishning iloji bo‘lmadi», dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati rahbari Jozep Borrel payshanba kuni kechqurun Bryusselda Kosovo bosh vaziri Albin Kurti va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Kurti Kosovo serblariga kengroq muxtoriyat berishga tayyor emas, garchi Prishtina buni Serbiya bilan Yevropa Ittifoqi shafeligida o‘tayotgan 10 yillik muloqot doirasida amalga oshirishga va’da bergandi. Vuchich bilan uchrashuvda Kurti Kosovo serblariga kengroq muxtoriyat berishdan oldin Serbiyadan Kosovo mustaqilligini tan olishni talab qildi. 

Kosovoning qat’iy pozitsiyasi 

Jozep Borrel xabar qilishicha, u Kurti va Vuchichga bu o‘zaro talablarni parallel ravishda bajarishni taklif qildi, Vuchich bunga rozi bo‘lgan, ammo Kurti taklifni qo‘llab-quvvatlamagan. 

Kosovo 2008 yilda Serbiyadan bir tomonlama ajralib chiqqan. Belgrad hukumati Kosovo mustaqilligini tan olmaydi. Kosovo aholisining 90 foizdan ortig‘ini etnik albanlar tashkil qiladi. Kosovo shimolida ko‘pchilik Prishtina hukumatini tan olmaydigan serblardir. Bu yil mojaro avj oldi va zo‘ravonlikka olib keldi. 

Albin Kurti Yevropa Ittifoqini tarafkashlikda aybladi. Uning fikricha, Bryussel Serbiya pozitsiyasini yoqlab chiqyapti. Serbiya prezidenti Vuchich muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. «Biz gaplashib, masalaga yechim topishimiz kerak», dedi u. O‘z navbatida, Borrel muzokaralardagi boshi berk ko‘cha Kosovo va Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilayotgani haqida ikki tomonni ogohlantirdi. 

Mavzuga oid