23:48 / 20.09.2023
8592

Armaniston muxolifati Pashinyanga qarshi impichment qo‘mitasini tuzdi 

Uning yakuniy maqsadi Nikol Pashinyan boshchiligidagi «amaldagi rejimni» hokimiyatdan olib tashlash ekani aytilmoqda. 

Foto: primeminister.am

Yerevandagi Armaniston hukumati binosi yonida bo‘lib o‘tgan mitingda «Dashnaksutyun» partiyasi vakili Ishxan Sagatelyan parlament muxolifati bosh vazir Nikol Pashinyanni hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuzganini aytdi. 

«Kecha deyarli barcha muxolifat partiyalari ko‘p soatlik munozaralar o‘tkazdi, natijada mavjud vaziyatdan chiqish yo‘l xaritasi shakllantirildi», dedi Sagatelyan. «Biz harakatlar dasturini ishlab chiqdik, uning yakuniy maqsadi amaldagi rejimni hokimiyatdan olib tashlash», deb qo‘shimcha qildi u. 

19 sentabr kuni Ozarboyjon hukumati tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasida «aksilterror operatsiyasi»ni boshladi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘z mamlakati bu mojaroga aralashmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, Yerevandagi hukumat binosi yaqinida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi, «Nikol xoin!» degan chaqiriqlar yangradi. Tergov qo‘mitasi respublika konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishga chaqiriqlar bo‘yicha bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

20 sentabr kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi jangovar harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilganini, Tog‘li Qorabog‘ hukumati qurollarini tashlashga rozi bo‘lganini e’lon qildi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, arman tomoni kelishuv muhokamasida ishtirok etmagan, matn Rossiya tinchlikparvar kuchlari vositachiligida tayyorlangan.

Nikol Pashinyan ilk bor Armaniston bosh vaziri lavozimiga 2018 yil 8 may kuni saylangan. 2021 yil 2 avgust kuni Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan yana Pashinyanni bosh vazir etib tayinlash haqidagi farmonni imzolagan edi.  

Mavzuga oid
Top