Jahon | 19:07 / 27.09.2023
9361
2 daqiqa o‘qiladi

KXDR chegarani noqonuniy kesib o‘tgan amerikalik harbiyni deportatsiya qiladi

Iyul oyida tartib-intizom bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan amerikalik askar Janubiy Koreyadan Texasga uchish o‘rniga Shimoliy Koreyaga qochgan edi. Pxenyan bayonotiga ko‘ra, Trevis King AQSh armiyasidagi irqiy kamsitishlardan norozi bo‘lgan.

Foto: AP

Amerikalik askar Trevis King Shimoliy Koreyaga noqonuniy ravishda kirgani uchun deportatsiya qilinadi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Iyul oyida AQSh armiyasi askari Janubiy Koreyada ekskursiyada bo‘lib, Shimoliy Koreya hududiga noqonuniy ravishda kirgan edi. Endi Pxenyan uni deportatsiya qiladi.

«Tegishli idora KXDR hududiga noqonuniy kirgan AQSh armiyasi harbiysi Trevis Kingni mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qildi», deyiladi Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi xabarida. Shuningdek, King o‘zining noqnuniy xatti-harakatlariga iqror bo‘lgan.

Trevis King ishi so‘nggi o‘n yilliklarda amerikalikning KXDR hududiga noqonuniy kirib borishi bilan bog‘liq birinchi holatdir. Jozef Bayden ma’muriyati o‘z askarini ozod qilish uchun bir necha bor Pxenyanga murojaat qildi. Ammo KXDR so‘rovlarni e’tiborsiz qoldirdi.

23 yoshli King 2021 yil yanvaridan beri AQSh Viskonsin shtatida otliq razvedkachi sifatida xizmat qilmoqda. Janubiy Koreyada u qonun bilan bog‘liq muammolarga duch keldi. Shundan so‘ng u Texasga yuborilishi kerak edi, unga armiyadan haydalish tahdid solayotgandi. King parvoz o‘rniga Panmujom qishlog‘iga ekskursiyaga jo‘nadi va u yerda chegarani kesib o‘tib, Shimoliy Koreyaga qochdi. Avgust oyida Shimoliy Koreya askarning armiyadagi adolatsiz munosabat tufayli o‘z hududidan boshpana izlagani haqida xabar bergan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid