Jahon | 10:35 / 28.09.2023
5887
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon: aksilterror tadbirlari xalqaro huquq asosida amalga oshirildi

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariga javob qaytardi.

Ozarboyjon tomonidan hududiy yaxlitlik va suverenitetni tiklash bo‘yicha ko‘rilgan barcha qadamlar, jumladan, 24 soat davom etgan so‘nggi aksilterror tadbiri xalqaro huquq normalari va tamoyillariga to‘liq muvofiq holda amalga oshirildi.

Bu haqda Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizodaning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turkning mintaqadagi mavjud vaziyat va etnik ozchiliklar huquqlarini himoya qilish majburiyatlari haqidagi bayonotiga javobida aytiladi.

Diplomatning ta’kidlashicha, Ozarboyjon ko‘rilayotgan chora-tadbirlar doirasida tinch aholi va fuqarolik obektlarini himoya qilishga doimo sodiq qoladi. 

Hojizodaning eslatishicha, qariyb 30 yillik arman harbiy bosqinida ozarlar ta’qiblarga uchragan va ularning huquqlari toptalgan bo‘lsa-da, Ozarboyjon o‘z hududidagi barcha etnik ozchiliklar, jumladan armanlar huquqlarini himoya qilish tarafdori bo‘lib kelgan. Bu haqda Ozarboyjon rahbariyati bir necha bor ta’kidlagan. 

«Afsuski, bir millionga yaqin ozarboyjonlik qochqinlar va ichki ko‘chirilganlarning huquqlarini himoya qilish, ularning munosib va   xavfsiz qaytish huquqini ta’minlash uchun hozircha hech kim chaqiriq bilan chiqqani yo‘q. Ozarboyjon 44 kunlik urushdan so‘ng, aksilterror tadbirlarini ko‘rganidan so‘ng bedarak yo‘qolganlarni qidirishda yordam berdi, biroq biz 4000 ga yaqin bedarak yo‘qolgan ozarboyjonlikka nisbatan bir xil e’tiborni ko‘rmayapmiz», — dedi u. 

Hojizoda Oliy komissarning jabrlanuvchilar huquqlarini poymol qilgan shaxslarni javobgarlikka tortish va jazolash uchun shaffof tergov o‘tkazish haqidagi chaqiriqlari Ozarboyjonning Xodjali genotsidi uchun javobgarlarni jazolash haqidagi chaqiriqlariga qariyb 30 yil davomida e’tibor bermay kelayotgan xalqaro hamjamiyat tomonidan jiddiy qabul qilinishiga turtki beradi, deya umid bildirdi.

«Biz, shuningdek, Armaniston BMT vakilining chaqirig‘iga binoan, ushbu mamlakat hududidan ommaviy ravishda chiqarib yuborilgan ozarboyjonliklarning huquqlarini inkor etmaydi, muloqot uchun sharoit yaratadi va ularning o‘z uylariga qaytish huquqlarini ta’minlaydi, deb umid qilamiz», deb ta’kidladi matbuot kotibi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid