Jahon | 08:50 / 29.09.2023
3532
3 daqiqa o‘qiladi

Shols: Qozog‘iston - Germaniyaning neft va xomashyo bo‘yicha muhim hamkori

Kansler Olaf Shols Qozog‘istonni neft va boshqa xomashyo yetkazib berishda Germaniyaning muhim hamkori deb atadi. Uning fikricha, bu hamkorlik Rossiya energetika sektoridan mustaqillikka erishishga yordam beradi. 

Foto: Reuters

Germaniya kansleri Olaf Sholsning fikricha, Qozog‘iston Germaniya uchun xom neft va boshqa xomashyo yetkazib berishda muhim hamkor hisoblanadi. Shols payshanba, 28 sentabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan Berlinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy Osiyo davlati «xom neft importi kabi ta’minot zanjirlarini kengaytirish va Rossiya energiya ta’minotidan mustaqil qilish uchun muhim hamkor», dedi. 

Kansler Qozog‘istonning Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya qilishdagi muhim rolini qayd etdi. «Qozog‘iston hukumati bizni sanksiyalardan bo‘yin tovlashning oldini olishda qo‘llab-quvvatlayotgani va faol qarshi choralar ko‘rayotgani yaxshi va foydali», — dedi Shols. 

Bu davlat Germaniyaning Markaziy Osiyodagi eng muhim savdo sherigi hisoblanadi, deya davom etdi Germaniya kansleri. To‘qayev va Shols savdo va investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilashga kelishib oldi. «Biz huquqiy aniqlik muhimligini muhokama qildik, - deb davom etdi Shols. - Prezident menga mamlakatda qonun ustuvorligini, inson huquqlari va demokratik tamoyillarga hurmatni mustahkamlashga qaratilgan rejalari haqida gapirib berdi». 

To‘qayev kanslerni Qozog‘istonga taklif qildi

O‘z navbatida, To‘qayev Germaniya Federativ Respublikasi «Qozog‘istonning Yevropa Ittifoqidagi strategik hamkori» ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kuni kecha Siemens, Siemens Energy, Deutsche Bahn, Linde Group va boshqalar bilan «muhim savdo shartnomalari» imzolangan. Oliy martabali mehmon, shuningdek, Germaniya kanslerini Qozog‘istonga tashrif buyurishga taklif qildi.

Ayni paytda, tabiiy resurslarga boy Qozog‘iston Rossiyaning yaqin ittifoqchisi sanaladi, u bilan turli harbiy va iqtisodiy ittifoqlarga ega. 29 sentabr, juma kuni To‘qayev hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari – O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari ishtirok etadigan sammitga Shols raislik qiladi. Bu ushbu besh davlat yetakchilari va Yevropa Ittifoqining asosiy davlatlaridan birining yuqori martabali rahbariyati o‘rtasidagi birinchi sammit bo‘ladi. 

Mavzuga oid