Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush qachon tugaydi? U tugasa, hammasi avvalgidek joyiga tushadimi?
Ko‘pchilik insonlar deyarli har kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga «qaniydi, hammasi tezroq tugasa edi» yoki «qachon tugarkin-a bu urush» deb munosabat bildiradi.
Kimlarningdir ukrainlarga rahmi keladi, ularning hayotiga Rossiya armiyasi tahdid qilishni bas etishi, millionlab qochqinlar o‘z uylariga qaytishini istaydi. Boshqa birlar esa Rossiya hukumati ularning yaqinlarini urushga jo‘natishi mumkinligidan xavotirda. Uchinchi tomon o‘zlari urushgacha yashab, ko‘nikib qolgan «normal hayot»ni qo‘msaydi.
Xo‘sh, «normal hayot» qaytadimi? «Bularning barchasi» nima bilan tugashi mumkin? Qachon tugashi mumkin? Bu savollarga «Meduza» nashri javob izladi.
«Tezroq tugasa edi»
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi allaqachon «uzoqqa cho‘ziladi» deb baholanmoqda, lekin bu sport musobaqasi emaski, unda aniq bir g‘olib tomon bo‘lsa va g‘olibga yutuq ballari qo‘yib borilsa.
Ukrainaning qarshi hujumi imillagancha davom etmoqda, Ukraina qurolli kuchlari muhim aholi punktlarini yoki qaqshatkich janglar tufayli ulardan qolgan vayronalarni egallashga urinmoqda. Urush Rossiya hududiga ham ko‘chgan, Rossiyaning Yevropa qismida undan ko‘z yumib bo‘lmayapti, pilotsiz uchar qurilmalar kunora hujum yog‘dirmoqda, hattoki Moskvagacha uchib kelmoqda. Rossiya armiyasi Ukrainaning front chizig‘idan yiroqdagi Kiyev, Odessa va boshqa oblastlariga raketa yog‘dirmoqda va har kuni insonlar o‘lmoqda. Rossiya hamon Ukrainaning 20 foiz hududini okkupatsiya ostida ushlab turibdi.
Bu orada Ukrainani g‘arb davlatlari tomonidan qo‘llash darajasi susaymoqda, garchi Ukraina QKga qurol-yarog‘ yetkazib berish tinmayotgan, yetkazish Zelenskiy ma’muriyati istayotganidan pastroq sur’atlarda amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham. Rossiya ham boshqa davlatlardagi hamkorlari orasidan sanksiyalarga chap berib qurol-yarog‘ sotib olishga urinmoqda.
Rossiya hukumati urushni qancha zarur bo‘lsa shuncha davom ettirishga tayyor. 2024 yilgi mudofaa budjeti 11 trillion rubldan oshiq belgilandi — bu esa keng ko‘lamli urushgacha bo‘lgan davrdan uch barobar ko‘proq. Ijtimoiy xarajatlar oshirilmayapti, boshqa davlatlar sanksiyalar joriy etishda davom etishmoqda, yangi ommaviy safarbarlik to‘lqini ehtimoli paydo bo‘lgan — tabiiyki, ko‘pchilik «bularning barchasi tezroq tugashi»ni istaydi.
Bu «nihoyat tugagach», hammasi «avvalgidek» bo‘ladimi?
Yo‘q. Bundan umid ham qilmaslik kerak.
Urushda allaqachon o‘n minglab (agar yuz minglab bo‘lmasa) rossiyalik erkaklar o‘lgan, yaradorlarning soni esa hozircha noma’lum. Bularning barchasi Rossiya jamiyatida o‘z aksi sadosini beradi. Keling, ayrim ssenariylarni ko‘rib chiqaylik.
Statistikaga ko‘ra, urush tugagach zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar darajasi (birinchi navbatda qotilliklar soni) o‘sa boshlaydi. Urushda ishtirok etganlar orasida o‘z joniga qasd qilish, mamlakat bo‘ylab alkogol iste’mol qilish darajasi ham ko‘payadi. Urush odamlarda zo‘ravonlikka ko‘nikish paydo qiladi va bu urushda yutgan va yutqazgan davlatda birdek ro‘y beradi. Bularning barchasi harbiylarda kuzatiladigan jarohatdan keyingi ruhiyat buzilishi deb ataladigan ruhiy jarayon bilan bog‘liq bo‘lib, aksariyat hollarda depressiya va boshqa ruhiy kasalliklar ko‘rinishidan namoyon bo‘ladi. Uni maxsus reabilitatsiya dasturlari yordamida davolash mumkin, biroq bunday ishlar Rossiyada davlat darajasida hech qachon olib borilmagan.
Bosqin tugagach, bolalar tug‘ilishi kamayib, o‘lim soni oshib borishi taxmin qilinmoqda. Bunday hol yuz berishiga bir nechta sabab bor: erkaklar o‘lib ketadi, sanksiyalar tufayli turmush darajasi pasayadi, oilalar boqa olmaslikdan cho‘chib, farzand ko‘rishdan voz kechishadi, aholi esa qarishda davom etadi.
Rossiya ommaviy immigratsiya tufayli iqtisodiy va madaniy nuqtayi nazardan nimalarni yo‘qotganini hozircha baholab bo‘lmaydi. Lekin qo‘shimcha qiymat yaratishi mumkin juda ko‘plab bilimli insonlar mamlakatni tark etgani – fakt. Ularni Rossiyaga qaytarish yoki o‘rnini to‘ldirish juda qiyin bo‘ladi. Boz ustiga mamlakatni tark etgan «bosh»larning aksariyati borgan davlatida mustahkamroq joylashishga, masalan, biznes ochishga intilmoqda.
«Yaxshi» prognozlarga ko‘ra, urushlardan so‘ng demokratik davlatlarda ko‘pincha himoyalanmagan qatlamlar uchun nafaqa miqdori oshadi, ta’lim va sog‘liqni saqlashga xarajatlar ko‘paytiriladi. Rossiyada ham aynan shunday hol yuz beradimi-yo‘qmi, buni aytish qiyin. Shunisi aniqki, 24 fevralgacha bo‘lgan hayot ortiq qaytib kelmaydi.
«Bularning barchasi» tugaydimi o‘zi?
Buni hech kim bilmaydi. Shunisi muhimki, ayrim rossiyaliklar uchun bir yarim yildan buyon davom etayotgan urush boshqalari uchun hali umuman «boshlangani ham yo‘q».
Harbiy harakatlar taslim bo‘lish haqida akt yoki o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolanganidan so‘ng formal jihatdan tugatilgan, deb hisoblanishi mumkin. Biroq so‘nggi bir asrda doim ham shunday bo‘lavermayapti. Birinchidan, hech kim urush e’lon qilmay qo‘ygan: urush o‘rniga askarlar «maxsus harbiy amaliyot», «tinchlikka majburlash operatsiyalari» va h.k.larda o‘lmoqda. Ikkinchidan, hattoki sulh shartnomasi ham jangovar harakatlarni to‘xtatish uchun kafolat bo‘la olmaydi – urush yana o‘nlab yillarga cho‘zilishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi hokimiyat bosqin avvalida o‘z oldiga qo‘ygan barcha siyosiy maqsadlarga erishilganidan so‘ng yakunlanishini taxmin qilish mumkin edi. Biroq, Kreml hech narsaga erisha olgani yo‘q: armiya kerakli hududlarni egallay olmadi, Ukraina jamiyati sinish o‘rniga battar jipslashdi, davlatchiligi esa yo‘q bo‘lib ketmasdan, o‘z oyog‘ida tura oldi. Putinning istaklariga qarshi o‘laroq, NATOning kengayishi ham ro‘y berdi, faqat (hozircha) Ukraina hisobiga emas, Shvetsiya va Finlandiya evaziga. Bu tomondan olib qaraganda, Rossiya allaqachon yutqazib bo‘ldi, biroq jangovar harakatlar davom etmoqda va sulh kelishuviga hali-veri erishiladiganga o‘xshamayapti.
Gap u yoki bu armiyaning frondagi yutuqlarida emas. Gap mojaroning har ikki tomoni urushni qanday qabul qilishida. Zelenskiy uchun urush Ukrainaning 1991 yilgi chegaralari tiklangunga qadar davom etadi va bu asnoda Putin bilan muzokaralar olib borish imkonsiz. Rossiya prezidenti uchun urush u mamlakatni qancha muddatga boshqarishni istasa, shuncha davom etadi. Putin uchun jangovar harakatlarni yakunlash hokimiyatni yo‘qotish bilan teng, shu sababli bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun u barcha choralarni ko‘radi.
Xavfli tomoni yana shundaki, Rossiya prezidenti va uning tarafdorlari ko‘p yillardan buyon «kollektiv g‘arb», «NATO davlatlari», «AQSh va uning satellitlari», «beshinchi kolonna», «noan’anaviy qadriyatlar» bilan kurashib keladi. Ular safarbarlik holatida yashashga ko‘nikib qolishgan va bundan voz kechishlari juda qiyin. Xayolotdagi «begona»lar bilan kurashish ularga hayotlaridagi maqsad va ma’nini doim his qildirib turadi. Bunday holatda urush qachon tugashini anglash qiyin.
Bu narsalar yangiliklarni ahyon-ahyonda o‘qib turuvchi va bo‘layotgan voqealarni mushohada qiluvchilarga taalluqli. «Hammasi tezroq tugasa edi», deydigan insonlar siyosatdan xoli insonlardir: ular uchun «bularning barchasi» qandaydir o‘z-o‘zidan tugab bitishini istashadi yoki kimdir «bu narsalarni» tugatib berishi kerak. Hattoki urush va u kundalik hayotga olib kirgan o‘zgarishlar ularga yoqmasa ham biror e’tiroz bildirishmaydi. Siyosiy murakkab masalalardan o‘zini olib qochish odati muhimlikda qatag‘onlar xavfidan kam emas.
Shu sababli ko‘pchilik uchun urush ketayotgani va bo‘lmayotganining mutlaqo farqi yo‘q. Bosqin ular uchun shunchaki kundalik yumushlar bilan shug‘ullanishda xalaqit berayotgan «yoqimsiz fon» va tabiiyki, ular «hammasi tezroq tugashi»ni istashadi, axir shu yo‘l bilan ular «avvalgidek tinch yashashi mumkin». Bunday insonlar so‘nggi rus askari Ukraina yerini tark etsa, Putin ketsa yoki rejim qandaydir o‘zgarishlarga duchor bo‘lsa, hammasi o‘z o‘rniga qaytishiga ishonishadi.
Lekin endi hech qachon «avvalgidek» bo‘lmaydi, bu urush hech qachon tugamasligini bildiradi. Buni anglash kerak. Shu sababli «bularning barchasi qachon tugarkan-a?» deyish terapevtik effektga ega xolos. Bu – inson kelajak rejalarini qurish uchun ishlatadigan xayoliy chegara. Ehtimol, urushdan so‘ng hammasi u istaganidek yaxshi bo‘lib ketmas, lekin nimadir o‘zgarishiga umid paydo bo‘ladi. Chunki dahshat iskanjasida hamda doimiy safarbarlik holatida cheksiz yashash imkonsiz.
Mavzuga oid
18:44
Ukraina dronlari Rossiyaning kamida 14 regioniga hujum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026