Jahon | 13:42 / 02.10.2023
49585
3 daqiqa o‘qiladi

Ilon Maskning Zelenskiy haqidagi memi mojaro keltirib chiqardi

Ilon Mask Ukraina prezidentining harbiy yordam so‘rashini istehzo bilan izohlagan memni e’lon qildi.

Amerikalik milliarder, Tesla va Space X asoschisi Ilon Maskning 2 oktyabr, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy haqidagi memi ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi.

Mask bir necha yil oldin internetda tarqalgan memni fotoshop yordamida o‘zgartirib e’lon qildi. Unda Zelenskiy ayol kishining yonida xafa bo‘lib o‘tirgani ko‘rsatilgan. Mem ostidagi izohda shunday deyilgan: «Milliard dollarlik yordam so‘ramaganingdan besh daqiqa o‘tib». 

E’lon qilinganidan keyin dastlabki yetti soat ichida ushbu post 360 000 dan ortiq «layk» yig‘di va ko‘plab salbiy, qoralovchi reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Shu tariqa, foydalanuvchilardan biri o‘z izohlarida Maskning Rossiya Qurolli kuchlari zobiti kiyimidagi fotoshop bilan o‘zgartirilgan suratini joylashtirdi. Yana bir foydalanuvchi Putinning o‘zgartirilgan suratini joylashtirib, quyidagi yozuv qoldirdi: «Yadroviy tahdid qilmaganingdan besh daqiqa o‘tib». 

Britaniyaning BBC media-kompaniyasi Maskning Ukraina prezidenti haqidagi memini «haqorat bilan chegaralangan» deb atadi. 

AQShda Ukrainaga yordam bo‘yicha tortishuvlar 

Ukrainaga Rossiyadan himoya qilishda yordam berish AQShda bahsli mavzu bo‘lib qolmoqda. Aksariyat demokratlar va ba’zi respublikachilar Kiyevni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayni paytda, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp tarafdorlari qatorida bo‘lgan respublikachilar davlat budjetidan ajratilayotgan xarajatlarni ortiqcha, deb hisoblaydi. Trampning Kongressdagi ayrim tarafdorlari ham bu pul Meksika bilan chegarada devor qurishga sarflangani ma’qul, demoqda. Ilon Mask, shuningdek, avvalroq «AQShdagi siyosatchilar Ukraina chegarasi haqida o‘z davlatlaridan ko‘ra 100 barobar ko‘proq xavotirda», deb aytgan edi. 

30 sentabr kuni AQSh Kongressi federal hukumat ishi to‘xtab qolishining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik budjet loyihasini ma’qulladi. Ushbu 45 kunlik budjet loyihasi hukumat xarajatlari bilan bir qatorda, tabiiy ofatlarni bartaraf etishni ham o‘z ichiga oladi, lekin Ukraina uchun mablag‘ yo‘q. 

O‘z navbatida, AQSh prezidenti Jo Bayden va Senat a’zolari AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi to‘xtamasligiga ishontirdi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri Vashington Ukrainaga 113 milliard dollar yordam ajratdi. Bayden Kongressdan yana 24 milliard dollar ajratishni so‘ragan. 

Mavzuga oid