Jahon | 10:01 / 06.10.2023
9271
2 daqiqa o‘qiladi

Abxaziyada Rossiya harbiy-dengiz flotining doimiy bazasi paydo bo‘ladi

Gurjiston urushning 14 yilligi munosabati bilan Moskvani tan olinmagan respublikalarni harbiylashtirishda aybladi, endi bu hududlardan birida Rossiya harbiy-dengiz floti uchun joy ajratiladi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya va Abxaziya tan olinmagan respublikadagi Ochamchira tumanida Rossiya harbiy-dengiz floti uchun yangi doimiy baza yaratish bo‘yicha kelishuv imzoladi, dedi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublika rahbari Aslan Bjaniya «Izvestiya» gazetasiga.

«Ikki davlatning harbiy-texnik hamkorlik masalasidagi aloqalari mudofaa qobiliyatini o‘zaro oshirishga qaratilgan», - dedi Bjaniya va Rossiyaning kichik raketali kemasi 30 sentabr kuni Abxaziya portiga kirganini qo‘shimcha qildi.

2023 yilning 21 avgustidan 1 sentabriga qadar Abxaziyaning to‘rtta hududida rus-abxaz qo‘shma maxsus maqsadli, parvoz va taktik harbiy mashg‘ulotlari o‘tkazildi, deb eslatadi «Izvestiya».

Gurjiston Rossiyani Abxaziyani harbiylashtirishda ayblayapti

2008 yil avgust oyida Rossiya va Gurjiston o‘rtasidagi besh kunlik urush natijasida Gurjistonning bir qismi mamlakatdan ajralgan va uning hududida xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan respublikalar e’lon qilingan. Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani tan oldi, Gurjiston bu yerlarni o‘z hududlari deb biladi, dunyoning aksariyat davlatlari respublikalar mustaqilligini tan olmagan. 

Rossiya-Gurjiston urushidan 14 yil o‘tib, Moskva bu hududlarda o‘z nazoratini kengaytirishda davom etmoqda, deya ma’lum qildi Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi avgust oyida, urushining 14 yilligi munosabati bilan. 

«14 yillik okkupatsiyadan keyin Rossiya Yevropa Ittifoqi vositachiligida 2008 yil 12 avgustdagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida erishilgan kelishuvga rioya qilmayapti, egallab olingan hududlarda noqonuniy nazoratini kengaytirmoqda, ularni harbiylashtirish jarayonini davom ettirmoqda va haqiqiy anneksiya qilish yo‘lida faol qadamlar tashlamoqda», deya ta’kidlab o‘tdi Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid