Jahon | 08:21 / 07.10.2023
9314
2 daqiqa o‘qiladi

Mayya Sandu: «Vagner» Moldovada davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgan 

Moldova prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hukumatga qarshi namoyishlarni zo‘ravonlikka aylantirish uchun poraxo‘rlikdan foydalanish rejalashtirilgan edi. Ukraina razvedkasi Rossiyaning Moldovadagi siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish bo‘yicha batafsil rejasi haqida ogohlantirgan. 

Foto: Reuters

Moldova prezidenti Mayya Sanduning aytishicha, «Vagner» XHK Sharqiy Yevropa davlatida davlat to‘ntarishi uyushtirishga uringan va buning oldi olingan. Rejaga ko‘ra, poraxo‘rlikdan foydalanib, hukumatga qarshi namoyishlarni zo‘ravonlikka aylantirish mo‘ljallangan edi. «Bizda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu Prigojin jamoasi tomonidan tayyorlangan reja edi», dedi Moldova rahbari Financial Times gazetasida 6 oktyabr, juma kuni chop etilgan intervyusida

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Ruminiya o‘rtasida joylashgan sobiq sovet respublikasiga pul qisman Rossiyadan kurerlar orqali, qisman esa Dubaydan bank hisoblari va kartalari orqali kelib tushgan. U boshqa tafsilotlarni keltirmadi. Matnda, shuningdek, davlat to‘ntarishi aynan qachon amalga oshirilishi rejalashtirilgani aytilmagan. 

Sanduning fikricha, Rossiya Moldovaga bosimni kuchaytiradi. «Ular hukumatni ag‘darishga harakat qildi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Endi esa katta miqdordagi mablag‘ni ishlatib, saylovlarimizga katta miqyosda aralashishga harakat qilmoqda», - deya ta’kidladi Moldova prezidenti.

Kiyev Kishinyovni ogohlantirgan

Fevral oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina razvedkasi «Moldovadagi siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish bo‘yicha Rossiyaning batafsil rejasini» aniqlaganini va mavjud ma’lumotlarni Kishinyovga uzatganini aytgandi.

Moldova hukumati Ukraina maxsus xizmatlari ma’lumotlarini tasdiqladi. Fevral oyida Mayya Sandu yaqin kelajakda harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan diversantlar Kishinyovdagi ma’muriy binolarga hujum qilib, odamlarni garovga olishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Mart oyida Moldova poytaxtida «Vagner» XHK yollanma askari hibsga olingani haqida ma’lum bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid