Jahon | 07:30 / 10.10.2023
14452
6 daqiqa o‘qiladi

YeI Falastinga yordam berishni to‘xtatish masalasida kelisha olmadi

Yevropa Ittifoqi Isroilga hujum qilish uchun foydalana olmasligi uchun falastinliklarga moliyaviy yordam ajratilishini zudlik bilan qayta tekshiradi. Biroq, Yevropa Ittifoqi davlatlari moliyalashtirishni butunlay to‘xtatish masalasida kelisha olmadi.

Foto: Mahmud Hams / AFP / Scanpix / LETA

Yevropa Ittifoqi Falastin milliy ma’muriyati aholisi va hukumatiga «joydagi sharoitlar o‘zgargani munosabati bilan» moliyaviy yordam ajratish tartibini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda Yevrokomissiyaning 9 oktyabr, dushanba kuni kechqurun e’lon qilingan rasmiy bayonotida aytiladi. Ta’kidlanishicha, tekshiruvdan maqsad «Yevropa Ittifoqi moliyasi hech qanday tashkilotga Isroilga qarshi hujumlar uyushtirishga bilvosita yordam bermasligi uchun» himoya choralarini kuchaytirishdan iboratdir.

Shu bilan birga, YeK bayonotida falastinliklarga humanitar yordam ko‘rsatish davom etishi ta’kidlangan. Buni X mikrobloglar xizmatida (sobiq Twitter) inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yevropa komissari Yanez Lenarchich tasdiqladi. «Men HAMAS hujumini keskin qoralagan bo‘lsam-da, tinch aholini himoyaga olish va xalqaro humanitar qonunlarni hurmat qilish zarur. Yevropa Ittifoqi muhtoj bo‘lgan falastinliklarga zarur vaqt davomida insonparvarlik yordamini ko‘rsatishda davom etadi», deb yozadi u.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning ta’kidlashicha, falastinliklarga moliyaviy yordamni qayta ko‘rib chiqish joriy to‘lovlarni to‘xtatib qo‘ymaydi, chunki ularni muzlatish «butun Falastin xalqining jazosi bo‘ladi, bu esa YeIning mintaqadagi manfaatlariga putur yetkazadi». 

Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ham xuddi shunday dedi: «Biz Falastin tinch aholisiga juda zarur bo‘lgan humanitar yordamni to‘xtatmasligimiz kerak. Bu (yordamni to‘xtatish) HAMAS tomonidan foydalanilishi hamda keskinlik va nafratni kuchaytirishi mumkin». 

Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari yordam to‘xtatilishiga qarshi chiqdi 

Dushanba kuni ertalab Yevropaning kengayish va qo‘shnichilik siyosati bo‘yicha komissari Oliver Varxeyi Bryussel HAMAS jangchilarining Isroilga hujumi munosabati bilan Falastin milliy ma’muriyatiga moliyaviy yordamni to‘xtatishini aytdi. «Isroil va uning aholisiga nisbatan terror va shafqatsizlik ko‘lami burilish nuqtasiga yetdi», deb ta’kidladi Yevropa komissari va odatdagidek ishlash endi mumkin emasligini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap 691 million yevrolik yordam paketini qayta ko‘rib chiqish haqida ketmoqda. 

Varxeyining bayonoti ba’zi Yevropa Ittifoqi a’zolarining tanqidiga sabab bo‘ldi. «G‘azo sektorida ikki million odam yashaydi. Ular ham HAMASning garovi. Bunday usullar bilan biz ularni itarib yuboryapmiz», - dedi Lyuksemburg tashqi ishlar vaziri Jan Asselborn. Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares, AFP xabariga ko‘ra, Varxeyiga qo‘ng‘iroq qilib, moliyaviy yordamni to‘xtatish qaroriga norozilik bildirgan va bu Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan kelishilgan bo‘lishi kerakligini aytgan. Irlandiya hukumati ham norozilik bildirdi. 

Jozep Borrel 10 oktyabr, seshanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarini «Isroil va mintaqadagi vaziyatni muhokama qilish uchun» favqulodda yig‘ilishga chaqirayotganini aytdi. Yevropa komissiyasi matbuot kotibi Erik Mamerning aniqlik kiritishicha, ushbu yig‘ilish ishtirokchilari, xususan, falastinliklarga keyingi yordam ko‘rsatishning «barcha jihatlarini ko‘rib chiqadi». 

Yevropa Ittifoqi va uning tarkibiga kiruvchi davlatlar 2022 yilda falastinliklar uchun eng yirik donor bo‘ldi, dedi avvalroq Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen. YeIning 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan budjetida Falastin hududlariga moliyaviy yordam uchun 1,18 milliard yevro ajratiladi, deb xabar berdi dpa. 

Germaniya falastinliklarga yordam berishni vaqtincha to‘xtatdi 

8 oktyabr kuni Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi falastinliklarga yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari tubdan qayta ko‘rib chiqilishini va tekshiruv o‘tkazilayotgan vaqtda mablag‘larni taqsimlash to‘xtatilishini ma’lum qildi. «O‘tmishda bu qo‘llab-quvvatlash Falastin hududlari aholisi va tinchlik ishiga foyda keltirishiga katta e’tibor qaratildi. Ammo Isroilga qilingan bu hujumlar dahshatli burilish nuqtasidir», dedi vazirlik rahbari Svenya Shulse.

10 oktyabr kuni u Berlinning rivojlanish loyihalari «mintaqaviy tinchlik va Isroil xavfsizligiga eng yaxshi xizmat qilishi» uchun bu masala Isroil bilan muhokama qilinishini aytdi. Svenya Shulsening so‘zlariga ko‘ra, bu «Isroil bilan buzilmas birdamlikning ifodasi» bo‘ladi. 

Shu bilan birga, Germaniya falastinliklarga humanitar yordam ko‘rsatishda davom etadi, deya xabar bermoqda AFP Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu moliyaviy yordam asosan Falastin hududi aholisi uchun oziq-ovqat xarid qilish va sog‘liqni saqlash xizmatlariga yo‘naltiriladi hamda BMT va xalqaro nohukumat tashkilotlari orqali taqdim etiladi. Germaniya bu maqsadlar uchun 2023 yilda 73 million yevro ajratgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid