Jamiyat | 10:59 / 11.10.2023
29601
5 daqiqa o‘qiladi

Sukunatni oltinga aylantirgan yigit - TikTok qiroli Habi Leym haqida

Atigi 3 yil ichida Habi Leym TikTok’da 160 milliondan ortiq obunachi to‘plashga erishdi va dunyoning eng mashhur tiktokeriga aylandi. Eng qizig‘i u bu ishni birorta ham so‘z ishlatmay uddaladi. Hozir dunyoning taniqli brendlari mahsulotlarini reklama qilish uchun blogerga millionlarni taklif qilmoqda.

Foto: Habi Leym

23 yoshli asli senegallik Habane Leym qisqa qilib aytganda «Habi» hozir qurollangan qo‘riqchilarni chetlab o‘tib, qimmatbaho narsalar bilan to‘lib-toshgan zamonaviy qasrga kirib boradi. Yo‘q, noto‘g‘ri o‘ylamang — TikTok’da eng ko‘p obunachiga ega italiyalik bloger jinoyat yo‘liga kirib ketmadi. 2019 yilda u Turindan uzoq bo‘lmagan joyda zavodda avtomobil uchun filtrlarni yig‘ardi. Hozir esa o‘rtacha oylik auditoriyasi 230 mln kishidan oshadigan kompyuter o‘yini — Fortnite’ning qahramoniga aylandi. 

«Buni endi boshlaganimda odamlar menga boshqa yaxshiroq ish topishni aytishdi. Biroq men videolarni tasvirga olishni davom ettirdim. Chunki bu ish menga yoqardi, hatto videolarimni hech kim ko‘rmagan bo‘lsa ham», — deya eslaydi Habi.

Hozir esa Habi Leym omma e’tibori markazida. U tarmoqlarda mashhur bo‘lgan memlar, har xil videolar, kichik hajmli parodiyalarni TikTok’ka joylaydi. Ba’zi ishlarni murakkablashtirib yuboradiganlarning ustidan yengil kuladi. Leymning videolari koronavirus pandemiyasi vaqtida shuhrat qozondi. O‘shandan beri uning roliklari TikTok’da 2,4 milliard «layk» yig‘di. Bu esa unga 162 mln obunachi olib keldi. Instagram tarmog‘ida uning obunachilari ayni damda qariyb 81 millionga yetdi. 

U o‘z muxlislarini bir so‘z ishlatmay, shunchaki yelka harakatlari va ma’noga to‘la nigohlari bilan yig‘gan. Leym o‘z davrining Charli Chapliniga aylandi. Uning videolari esa mamlakati, madaniyati, tilidan qat’i nazar millionlab, muxlislarga kayfiyat bag‘ishlayapti. 

2023 yilda Habi qator mashhurlar bilan videolarga olishga ulgurdi. Jumladan, aktyorlar Mett Deymon, kichik Robert Dauni hamda Tom Kruz bilan. 

Bundan tashqari, u futbol afsonalaridan biri Devid Bekhemdan penaltidan zarba berishni o‘rganib, sug‘urta giganti State Farm’ning reklama kampaniyasida ishtirok etdi. 

State Farm marketing bo‘limi rahbari Elison Griffinga ko‘ra, kompaniyaning Habi bilan hamkorligi uzoq muddatga mo‘ljallangan. U brend uchun xavfsiz va o‘zgachaligi sabab tanlangan. Habi tushgan reklama roligi TikTok’da 220 mln marta ko‘rilgan.

Leym uchun sukunat — oltin. Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil iyunidan beri Habi 16,5 mln dollar ishlab olgan. U bu vaqt davomida Hugo Boss, Binance, QNB, Fortnite kabi brendlar bilan hamkorlik qilgan. Uning TikTok yoki Instagram’dagi reklama posti narxi ayni damda 750 ming dollarni tashkil qiladi. O‘z mahsulotini reklama qilmoqchi bo‘lgan brend avvalosi Habining imijiga to‘g‘ri kelishi, shuningdek, butun oilaga manfaatli bo‘lishi lozim. 

«Takliflarning ko‘pini rad qilaman. Men toza ishlashni xohlayman. Hech qachon alkogol, tamaki ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik qilmayman, sog‘liq uchun xavf tug‘diradigan narsalarni reklama qilmayman. Axir meni ko‘plab kichik yoshli bolalar ham kuzatadi», — deydi Habi.

Forbes USA e’lon qiladigan eng omadli inflyuyenserlar reytingida Leym 11-o‘rinda qayd etildi. Dunyoning eng omadli blogerlari reytingini tuzishda ushbu sohaga ixtisoslashgan marketing firmasi Influtential jalb qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yil iyunidan joriy yil iyuniga qadar umumiy auditoriyasi 2,6 milliard kishi bo‘lgan reytingdagi 50 bloger umumiy hisobda 700 million dollar atrofida mablag‘ ishlab olgan. Avvalgi yilda bu ko‘rsatkich 570 million dollarni tashkil etgan — o‘sish 23 foiz.

Boshqa bir agentlik – Influencer Marketing Hub ma’lumotlariga ko‘ra 2023 yilda brendlar blogerlar ishtirokidagi marketing uchun 21 milliard dollar ishlatadi. 7 yil avval bu raqam — 1,6 milliard dollarni tashkil etgan.

Habi Leym Fortnite o‘yinida paydo bo‘lishi unga Hollivud yo‘lida pillapoya vazifasini o‘tab berishiga umid qilmoqda. Italiyaning Taormin shahrida o‘tgan iyun oyidagi kinofestivalda u o‘zining «Men — Habane» nomli qisqa metrajli filmi bilan debyut qildi (birinchi rejissyorlik ishi ham). 

«Hikoyalar yozishni, filmlar suratga olishni yaxshi ko‘raman. Aktyor va rejissyor bo‘lishni xohlayman», — deydi Leym.

Mavzuga oid