Jahon | 11:24 / 12.10.2023
8253
2 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 1200 kishiga yetdi

Halok bo‘lganlar va yaralanganlarning aksariyati bolalar, ayollar va qariyalardir, deya ma’lum qildi G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: REUTERS/Ibraheem Abu Mustafa

Isroilning blokadadagi G‘azo sektoriga bergan zarbalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 1200 kishiga yetdi. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Yusuf Abu ar-Rish ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 5 ming kishi jarohatlangan. 

Ar-Rishning aniqlik kiritishicha, halok bo‘lganlar va yaralanganlarning aksariyati - bolalar, ayollar va qariyalar. 

Avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Ashraf al-Qudra G‘azo kasalxonalari yarador fuqarolar bilan to‘lib ketganini aytgan edi. Ko‘plab yaradorlar joy yo‘qligi sababli polga yotqizilgan. 

«Isroil elektr, suv va yonilg‘ini uzishda davom etmoqda, bu esa katta xavf tug‘dirmoqda. G‘azo jiddiy ekologik va sog‘liq falokatini boshdan kechirishi mumkin», - dedi u. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMAS harbiy qanoti brigadalari Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar uchirildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

OAVning Isroil rasmiylariga tayanib xabar berishicha, oxirgi hujumlarda kamida 1200 isroillik halok bo‘lgan va 2600 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Ayni paytda, Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo sektorida Isroil hujumlari qurbonlari soni 1200 nafarga yetganini, yana 5 ming falastinlik yaralanganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Isroil harbiylarining egallab olingan G‘arbiy sohilda uyushtirgan hujumlari natijasida 21 kishi halok bo‘lgan, 130 kishi jarohatlangan.

Bundan tashqari, 8 nafar jurnalist Isroilning G‘azoga bergan zarbalari qurboni bo‘ldi.

Mavzuga oid