Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Sanksiyalar Rossiyani yangi bilimlardan mahrum qiladi” - Beata Yavorchik
“Sanksiyalar ish beryapti. Ulardan darrov katta natija kutish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu sanksiyalar Rossiyaga savdo va investitsiyalar orqali yangi bilimlar kirib borishini to‘xtatish orqali ishlaydi”, – deya tushuntirdi Oksford universiteti professori Beata Yavorchik. Uning fikricha, hozirda yangi sanksiyalar o‘ylab topishdan ko‘ra, mavjudlarining ijrosini takomillashtirish kerak.
Oksford universiteti professori Beata Yavorchik iqtisodchi Behzod Hoshimovga bergan intervyusida Rossiyaga qarshi sanksiyalarga doir ayrim savollarga javob berib o‘tdi.
Beata Yavorchik – Oksford universiteti professori, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bosh iqtisodchisi. Polyak olimasi uzoq vaqtdan buyon xalqaro savdo, integratsiya, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar masalalarini o‘rganib keladi.
Yavorchik Behzod Hoshimov bilan “Hoshimov iqtisodiyoti” dasturida kechgan suhbatida turli mavzular, xususan Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga kiritilgan sanksiyalar haqidagi savollarga javob berdi.
— Siz import tariflariga qarshi kurashish haqida yozgansiz. Bu mavzu bugungi kunda ham ko‘plab G‘arb davlatlari urush tufayli Rossiyaga kiritayotgan sanksiyalar nuqtayi nazaridan juda muhim. Deyarli har kuni ommaviy axborot vositalarida Rossiya cheklovlardan qochishning yangi usulini topgani haqida xabarlar paydo bo‘ladi. Menimcha, bu aynan import bojlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash emas, balki eksport cheklovlaridan qochishga oid, chunki bu yangiliklarda har doim tranzit davlatlar bo‘ladi. Biz sanksiyalar haqida nimani bilishimiz mumkin va ularni qanday qilib yaxshiroq qo‘llash mumkin?
— Savdo statistikasida siz Yevropa va AQShdan Rossiyaga eksportning keskin pasayishini aniq ko‘rishingiz mumkin va bu pasayish, ayniqsa, sanksiyalarga uchragan tovarlar uchun sezilarli. Shu bilan birga, Yevropadan Markaziy Osiyo mamlakatlariga va bu davlatlardan Rossiyaga eksport hajmi oshganini ko‘ramiz. Ayniqsa MO davlatlari Yevropa sanksiyalari ostidagi tovarlarni eksport qilmoqda. Endi bir narsani aniq aytsam: Markaziy Osiyo davlatlari [Rossiyaga] sanksiya qo‘llamagan va ularning o‘zi ham Yevropa sanksiyalariga tushmagan. Shunday qilib, bu keysda Yevropa sanksiyalari ostidagi tovarlarni eksport qilishni ko‘rib chiqamiz. Demak, men aytib o‘tgan dalillar sanksiyalarni chetlab o‘tishni ko‘rsatadi.
Tovarni Yevropadan Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish o‘rniga, savdo Markaziy Osiyo orqali amalga oshiriladi. Xo‘sh, qanday turdagi mahsulotlar uchun vositachilik qilinadi? Aslida hamma turdagi mahsulotlar, chunki ular sanoatda qo‘llanishi, harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan ikki texnologiyali va qimmatbaho mahsulotlar hisoblanadi. Bundan tashqari, siz hozirda sanksiyalangan tovarlarga o‘xshash mahsulotlar bunday oraliq eksportda ko‘payib borayotganining ba’zi dalillarini ko‘ryapsiz.
Bir misol keltiraman: tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun rentgen apparati sanksiyaga tushmaydi, lekin sanoatda foydalaniladigan rentgen apparati tushishi mumkin. Shunday qilib, ba’zi hollarda sanksiyalardan qochish uchun savdo korxonalari sanksiyalangan tovarlarni ruxsat etilgan tovarlar o‘laroq ataylab noto‘g‘ri tasniflaydi.
Mahsulotlarni noto‘g‘ri tasniflash – sanksiyalardan qochishga urinayotgan treyderlarning sevimli usullaridan biri. Endi aytganlarimga oydinlik kiritaman. Ushbu vositachilik savdosi kichik hajmga ega. Savdoga nisbatan hajm jihatidan kichikroq. Boshqacha qilib aytganda, o‘rtacha almashtirish darajasi 10 foiz bo‘lishi mumkin. Biroq ba’zi maxsus mahsulot toifalarida almashtirish darajasi yuqori bo‘lishi mumkinligini ko‘ramiz. Endi Rossiyaga qarshi sanksiyalar bu sanksiyalarga qo‘shilmagan, savdo o‘rnini bosuvchi boshqa davlatlar uchun ham imkoniyatlar ochdi, shunday emasmi? Xalqaro savdoda buni savdo burilishi deb ataymiz. Demak, Rossiya Turkiya va Xitoydan avvalgidan ancha ko‘p import qilayotganini ko‘ramiz va ayniqsa, Xitoydan import qilish haqida gap ketganda, Yevropa sanksiyalariga duchor bo‘lgan mahsulotlarni Rossiya hozir Xitoydan import qilayotganiga guvoh bo‘lasiz. Dizel yuk mashinalari yaxshi misol. Yevropadan dizel yuk mashinalarining eksporti kamaydi va statistika Xitoydan 360 million dollarlik importni ko‘rsatdi.
— Sizningcha, G‘arb davlatlari sanksiyalarga rioya qilishni yaxshilash uchun qanday vositalarga ega? Ularning vositalari tugab qolganmi yoki buning oldini olish, sanksiyalarni yanada qattiqroq qo‘llash yo‘llari bormi?
— Eksport sanksiyalari bilan bog‘liq muammo ham shunda. Har bir davlat boshqalardan sanksiyalar qo‘llashni so‘rasa-da, o‘z kompaniyalariga nisbatan yumshoqroq bo‘lishni xohlaydi. Iqtisodiyotda “pul to‘lamasdan foydalanuvchi” muammosi bor. Biz buni sovuq urush davrida ko‘rdik, chunki urushda eksport sanksiyalari bor edi va rag‘batlantirish tufayli sanksiyalar buzildi.
Nima qilish mumkin? Tranzit mamlakatlarga bosim o‘tkazishga harakat qilish mumkin. Ammo muammo shundaki, yangi tranzit mamlakatlar paydo bo‘ladi. Bu “Ko‘rsichqonni ur” o‘yiniga aylanib ketadi.
Yana bir mutlaqo boshqacha yondashuv: nozik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarni aniqlash va ularga “mijozlaringizni o‘rganing” qoidalarini joriy qilish. Bizda shunday qoidalar borki, kompaniyalar savdoni moliyalashtirish vositalaridan foydalanganda, bunday vositalarni chiqaradigan banklar mijozlari haqida bilishi kerak. Ular muomala qilinayotgan mahsulotning oxirgi foydalanuvchisi kimligini tushunishlari lozim. Shunday qilib, bu osonroq yo‘l bo‘ladi va mohiyatan sanksiyalarni joriy qilish bosqichida qo‘llanadi.
— Sizningcha, G‘arbda yoki Ukrainaning og‘ir ahvolini qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarda Rossiya hukumatining harbiy xarajatlarga sarflash uchun moliyaviy imkoniyatlarini kamaytirishi mumkin bo‘lgan savdoga cheklovlardan boshqa yo‘llar bormi? Ular Markaziy bank zaxiralarini muzlatishga harakat qilmoqda. Juda ko‘p ishlarni qilishdi, lekin har safar yangiliklarni o‘qiganingizda ular yangi sanksiyalar bosqichi joriy etilishini aytishadi. Aslida, ularning cho‘ntagida foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa vositalar bormi? Men ilgari qo‘llanmagan mavjud iqtisodiy sanksiyalarni nazarda tutyapman.
— Avvalo, ishonamanki, sanksiyalar ishlayapti. Ulardan zudlik bilan katta ta’sir kutish to‘g‘ri ish bo‘lmaydi. Bu sanksiyalar Rossiyani savdo va to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar orqali yangi bilimlarni olishdan mahrum qilish orqali ishlaydi. Ko‘plab G‘arb firmalari ilmiy hamkorlik yo‘qligi, inson kapitali oqimi yetishmasligi va hokazolar tufayli Rossiyani tark etganini ko‘rdik. Ammo bir necha yil o‘tgach, bu ta’sirlar mahsuldorlik statistikasida sezilarli bo‘ladi. Bunday sanksiyalar juda tez ta’sirini namoyon qilmaydi.
Endi savolingizga qaytsak. Menimcha, yangi sanksiyalar paketini o‘ylab topishga urinishdan ko‘ra, ijroni takomillashtirish haqida o‘ylash foydali bo‘lardi. Bizda sanksiyalar ishlayotgani haqida dalillar bor. Masalan, Rossiya bilan bog‘liq to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishni murakkablashtirish orqali Rossiyaga qiyinchiliklar yaratildi, savdo qilishi qiyinlashdi. Lekin hamma davlatlar ham sanksiyalarga rioya qilishni qo‘llab-quvvatlamaydi. Menimcha, bu eng katta muammo. Yevropa Rossiyadan neft va tabiiy gaz sotib olmas ekan, boshqa xaridorlar bor, boshqa xaridorlar bor ekan, Rossiya budjetiga mablag‘lar kirib boradi. Albatta, bu masalada narx cheklovlari va boshqa barcha mexanizmlar katta yordam beradi.
Mavzuga oid
08:22 / 19.06.2026
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ilk bor bir yilga uzaytirdi
09:45 / 17.06.2026
Braziliya sobiq prezidentining o‘g‘li qamoq jazosiga hukm qilindi
09:20 / 17.06.2026
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
08:33 / 05.06.2026