Sport | 11:50 / 17.10.2023
36821
12 daqiqa o‘qiladi

Ronalduga tashlangan fanat va Shvetsiyadagi fojia. Yevro saralashida kun o‘yinlari

Dushanba oqshomida Yevro-2024 saralashida 8-tur uchrashuvlari davom ettirildi. Avstriya ham Yevropa chempionatiga yo‘llanma olgan jamoalar qatoriga qo‘shildi.

V guruhi

Van Deykning po‘lat asabi

Gretsiya — Niderlandiya 0:1
Gol:
van Deyk (90+3, penalti). 
Aniq amalga oshirilmagan penalti: Veghorst (28). 
Gretsiya – Vlaxodimos, Rota, Retsos, Mavropanos, Kulerakis (Siopis, 61), Tsimikas, Mantalos (Pavlidis, 81), Kurbelis (Buxalakis, 61), Masuras (Yakumakis, 77), Bakasetas (Funtas, 60), Ioannidis.
Niderlandiya – Verbryuggen, Gertryuyda (Malen, 46), van Deyk, Ake, Hartman (van de Ven, 74), Dumfris, Reynders, Viffer (de Ron, 81), Simons (Verman, 62), Bergveyn, Veghorst (Brobbi, 62).
Ogohlantirishlar: Gertryuyda (13), Kurbelis (13), Mantalos (28), Simons (51), Retsos (76), Pavlidis (86).
Chetlatish: Poyyet (90).

Dushanba oqshomidagi asosiy o‘yin kutilgan shiddatni taqdim etmadi. Agar mezbonlar uch ochkoga ega bo‘lganida guruhda barchasi chalkashib ketgan bo‘lardi. Ammo niderlandlarga qarshi sentabrdagi o‘yinda yutqazgan (0:3) Gretsiya javob qaytarishga harakat qilmadi. Mezbonlar himoyaga ko‘proq e’tibor qaratishdi va omadini qarshi hujumlarda izladi. Ammo bu xavfli edi, chunki «to‘qsariqranglilar»da zaxira o‘yini ham mavjud.

Jarohatlar tufayli kuchsizlangan bo‘lsa-da, Ronald Kuman jamoasi birinchi bo‘limda to‘liq ustunlik qildi va ko‘plab vaziyatlarga ega bo‘ldi. Mehmonlarda hisobni ochish uchun o‘ta qulay vaziyat — van Deyk jarima maydoni ichida yiqitilganida yuzaga keldi. Ammo Veghorstning zarbasi «Benfika»da yulduz bo‘lgan, ammo «Nottinghem»ga transfer qilingach, zaxirada qolib ketayotgan Vlaxodimos tomonidan qaytarildi.

Unga gol urib bo‘lmaydigandek ko‘rinardi. Qolaversa, ikkinchi bo‘limda greklar faollashdi va buning hisobiga o‘z darvozasi atrofidagi bosimni kamaytirishdi. Ammo bu qo‘shimcha daqiqalarda bo‘ladigan bo‘rondan oldingi jimlik bo‘lib chiqdi. Arbitr mezbonlar darvozasiga yana bir penalti belgiladi, Niderlandiya chempionatining eng yaxshi forvardlaridan biri, zaxiradan o‘yinga tushgan Pavlidis o‘z jamoasi jarima maydoni ichida raqib safidagi boshqa bir himoyachi Dyumfrisni yiqitdi.

Bunday vaziyatda kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin? Tabiiyki, sardor, garchi van Deyk shtatdagi penaltichi bo‘lmasa ham. Qolaversa, ushbu himoyachi zarba berishdan oldin kutib qolishiga to‘g‘ri keldi, hakamni vaziyatni tekshirib ko‘rish uchun monitor qarshisiga taklif etishdi, ammo u o‘z fikrini o‘zgartirmadi. Van Deykning ko‘zini lazer ko‘rsatkichlar bilan qamashtirishga ham urinishdi, ammo u qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi va Niderlandiyani ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Bu o‘rindan tushib ketmaslik uchun — noyabr oyida Irlandiya va Gibraltarga qarshi kechadigan o‘yinlardan bittasida g‘olib bo‘lish kifoya qiladi. Gretsiya esa Millatlar ligasi yakunlari bo‘yicha pley-off kutadi.

Gibraltar — Irlandiya 0:4
Gollar:
Fergyuson (8), Jonston (28), Doerti (60), Robinson (80). 

18 noyabr. Fransiya — Gibraltar, Niderlandiya — Irlandiya.

J guruhi

Miloshevich uchun shok, Slovakiya uchun triumf

Bosniya va Gersegovina — Portugaliya 0:5
Gollar:
Ronaldu (5 penalti, 20), Fernandesh (25), Kanselu (32), Felish (41).
Bosniya va Gersegovina – Shexich (Vasil, 72), Dedich, Hajikadunich, Barishich (Goykovich, 72), Kolashinats, Stevanovich (Xamulich, 66), Pyanich, Rahmanovich (Hajiahmetovich, 46), Tsimirot, Jyeko, Demirovich (Gazibegovich, 46).
Portugaliya – Koshta, Dalot, Diash, Inasiu, Kanselu, Fernandesh (R.Nevesh, 79), Pereyra, Otavio (J.Nevesh, 85), Leau (Netu, 66), Ronaldu (Jota, 66), Felish (Vitinya, 79).
Ogohlantirishlar: Hajikadunich (83), Kolashinats (88).

Bosniya hasga yopishib turgandi, ammo Portugaliya — yo‘llanmani muddatidan oldin hal qilganiga qaramay — bolqonliklarga ochko sovg‘a qilish haqida o‘ylamadi. Bundan tashqari, mehmonlar mezbonlarni yirik hisobda mag‘lub etib, yaqinda jamoa bosh murabbiyiga aylangan Savo Miloshevichni birinchi bo‘limdayoq urilgan besh gol bilan shok holatiga tushirdi. Hatto bir oy muqaddam Portugaliyaning tarixdagi eng yirik g‘alabasida qurbonga aylangan (0:9) Lyuksemburg ham birinchi bo‘limda bundan kamroq gol o‘tkazgandi.

Bosniya uchun ham bu o‘z tarixidagi eng yirik mag‘lubiyatga aylandi. Portugallar 2001 yilda ham Andorra darvozasiga birinchi bo‘limdayoq beshta gol urgandi (5:1). Bu safargi yirik hisob tabiiyki Krishtianu Ronalduning ishtirokida kechdi. 20-daqiqagacha u nafaqat ikki gol urdi - avvaliga faoliyatidagi 160-penaltini aniq ijro etdi, balki saralash bosqichining eng yaxshi to‘purari bo‘lib turgan Lukaku bilan tenglashib oldi (9 tadan).

U bu o‘yindagi gollari bilan Yevropa chempionatlari uchun saralash bosqichlaridagi 42 o‘yinda urgan gollari sonini 42 taga yetkazdi: bu borada ikkinchi eng yaxshi natija 44 o‘yinda 23 gol urgan Robbi Kinga tegishli. Uning milliy jamoadagi jami gollari soni 127 taga yetdi, eronlik Ali Daining natijasidan 19, Lionel Messinikidan 23 taga ko‘p. Shuningdek — Saudiya Arabistonidagi futbol darajasi bo‘yicha qanchalik kinoya qilinmasin — Krish ayni vaqtda 40 gol bilan 2023 yilning eng yaxshi to‘purari bo‘lib olgani va Holandni ortda qoldirgani fakt.

O‘yinda Ronaldu ishtirokida yana bir yorqin holat bo‘lib o‘tdi. Birinchi bo‘lim oxirida portugaliyaliklar yetakchisi burchak tomonda paydo bo‘lganida maydonga muxlislardan biri chopib chiqdi va Krishtianuga yopishib oldi. Styuardlar uni Ronaldudan ajratishga harakat qilishdi – ammo shu pallada kimdir futbolchining oyog‘ini bosib oldi. Futbolchi bu zarbadan o‘zini noqulay his qildi, ammo o‘yinni davom ettirishga qaror qildi.

Albatta, Portugaliyada Ronaldudan boshqalar ham bor. Masalan, boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olganidan ilhomlangan Joau Feliks (gol, pas va ishlangan penalti). Brunu Fernandesh ham odatdagidek o‘yinning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi, u endi besh gol va yetti assist bilan saralash turniridagi eng samarali futbolchi bo‘lib turibdi.

Shuningdek, Roberto Martines effekti omili ham bor. Ispaniyalik mutaxassis olti yillik ishdan keyin Belgiyadan «to‘ygandi». Portugallar esa Fernandu Santush boshqaruvidagi sakkiz yilda o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmadi. Yevro-2016 va 2019 yilgi Millatlar Ligasidagi g‘olibliklar ancha ortda qoldi. Endi 50 yoshli Martines va uning yangi jamoasi uzukka ko‘z qo‘ygandek bir-biriga mos keldi.

Islandiya — Lixtenshteyn 4:0
Gollar:
Sigurdsson (22 penalti, 49), Finnbogason (44), Haraldsson (63). 

Lyuksemburg — Slovakiya 0:1
Gol:
Dyuris (47).

Bu guruhdagi markaziy o‘yin Lyuksemburg va Slovakiya qarama-qarshiligi edi. Hersoglik jamoasi birinchi bo‘limda faolroq va qiziqarliroq o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda ham keskinlik saqlanib qoldi. Ayniqsa o‘tgan turda zaxiradan tushib gol urgan Rodrigesh ajralib turdi. Ammo bu safar uning zarbalaridan keyin to‘p darvozaga kirmadi, raqib safida zaxiradan tushgan Dyurish esa havodagi to‘pga zarba berib, g‘alaba golini urdi. Endi slovaklar uchinchi o‘rindagi lyuksemburgliklardan besh ochkoga o‘zib ketgan va bu jamoa Yevro yo‘llanmasidan quruq qolishiga faqat mo‘jiza xalal berishi mumkin.

16 noyabr. Lixtenshteyn — Portugaliya, Slovakiya — Islandiya, Lyuksemburg — Bosniya.

F guruhi

Bryusseldagi otishma

Ozarboyjon — Avstriya 0:1
Gol:
Zabitser (48, penalti). 
Ozarboyjon – Magomedaliyev, Bayramov, Xagverdi, Mamedov, Krivotsyuk, Jafarguliyev (Aliyev, 83), Mahmudov, Diniyev (Safarov, 65), Isayev (Emreli, 78), Sheydayev, Dadashov (Gurbanli, 83).
Avstriya – Shlager, Linhart, Veber, Laymer, Prass (Baumgartner, 46), Kayns (Vimmer, 46), Shlager, Grillich, Shmid (Zabitser, 46), Zayvald, Kalayjich (Burgshtaller, 82).
Ogohlantirishlar: Baumgartner (53), Diniyev (57), Krivotsyuk (84), Bayramov (88), Burgshtaller (90), Zabitser (90), Sheydayev (90), Magomedaliyev (90).
Chetlatish: Burgshtaller (90+4). 

Yaqqol favorit o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan o‘yinlar ko‘pincha asabiy ruhda kechadi va u qadar tomoshabop bo‘lmaydi. Ayniqsa, gap top-jamoa haqida bormayotgan va tezkor gol urishning imkoni bo‘lmaganida. Avstriya ham birinchi bo‘lim davomida ko‘plab vaziyatlar yaratdi, ammo ulardan foydalana olmadi. O‘tgan turda turnirdagi ilk g‘alabasiga erishgan ozarboyjonliklar ham o‘z tribunalari qarshisida jon-jahdi bilan harakat qilib, mehmonlar mudofaasini sergak turishga majbur qildi.

Ralf Rangnik tanaffusdan keyin hujum chizig‘iga uch yangi futbolchi tushirgani ajablanarli emas. Va bu darhol ish berdi. Jokerlardan biri — Baumgartner — jarima zarbasi ishladi. Boshqasi — uni ijro etgan Zabitser — «jonli devor»da turgan raqiblardan birini to‘pni qo‘l bilan o‘ynashga majbur qildi. Bu harakat jarima maydoni ichida bo‘lgani tufayli hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi va Zabitserning o‘zi penaltidan hisobni ochdi.

Bu Yevro uchun yo‘llanma beruvchi gol bo‘lib chiqdi. Lekin o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘tgan turda Estoniyaga qarshi o‘yinda g‘alaba goli muallifi bo‘lgan Bayramov qulay pozitsiyadan aniq zarba bera olganida, barchasi bekor bo‘lishi ham mumkin edi. Yakunda Avstriya qatorasiga uchinchi bor qit’a birinchiligida qatnashadigan bo‘ldi.

Ayni vaqtda Yevro-2024 da ishtirok etishi ma’lum bo‘lgan jamoalar soni 8 taga yetdi. Bungacha mezbon Germaniyadan tashqari Fransiya, Portugaliya, Belgiya, Ispaniya, Shotlandiya va Turkiya yo‘llanma masalasini hal qilgandi.

Belgiya – Shvetsiya 1:1 (o‘yin birinchi bo‘limdan keyin to‘xtatildi)
Gollar: 0:1 – 15 Diokeresh, 1:1 – 31, penalti Lukaku.
Belgiya – Zels, Kastan, Vertongen, Fas, Teate, Karrasko, Tilemans, Mangalya, de Ketelare, Bakayoko, Lukaku.
Shvetsiya – Olsen, Valkvist, Helander, Lindelyof, Augustinsson, Svanberg, Forsberg, Ekdal, Kayuste, Kulusevski, Diokeresh.
Ogohlantirish: Svanberg (36).

Avstriyaning g‘alabasi Belgiya va Shvetsiya uchrashuvini amalda o‘rtoqlik uchrashuvi maqomiga tushirib qo‘ydi. Shu bilan birga, Yevro yo‘llanmasi uchun imkoniyatni yo‘qotib bo‘lgan skandinavlar eshikni qattiq yopib ketishga qaror qilgandi va  Domeniko Tedesko jamoasini hisobda ortda borishga majbur qildi. Lekin «qizil iblislar» Diokereshning goliga tezda javob qaytarishdi va Lukaku saralash siklining eng yaxshi to‘purari maqomini (10 gol) o‘ziga qaytardi.

Keyin esa futbol haqida unutib turishga to‘g‘ri keldi. O‘yin boshlanishi arafasida stadiondan bir necha kilometr masofada shvedlar jamoasining ikki muxlisi otib o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi. Bundan xabar topgan shvedlar ikkinchi bo‘limda maydonga chiqmaslikka qaror qilishdi. Belgiyaliklar ham bunga ko‘nishdi va UYeFA ikki jamoa vakillari bilan maslahatlashuvdan keyin uchrashuvni davom ettirishni noma’lum muddatga qoldirdi.

16 noyabr. Estoniya — Avstriya, Ozarboyjon — Shvetsiya.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid