O‘zbekiston | 17:30 / 19.10.2023
30535
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda ko‘p qavatli uy cho‘kib, qiyshayib qoldi

1988 yilda qurilgan to‘qqiz qavatli uyning cho‘kib, qiyshayib qolishiga uyning yerto‘lasi yillar davomida suv bilan to‘lib qolavergani sababligi aytilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, bino yashash uchun yaroqsiz deb topilsa, bu yerda yashovchi fuqarolarga davlat tomonidan tekin uy-joy berilishi kerak.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Sharaf mahallasi, Qizil sharq ko‘chasi 27-uyda yashovchi fuqarolar Kun.uz'ga murojaat yo‘llashdi.

Murojaatda ular yashayotgan to‘qqiz qavatli, 1988 yilda qurilgan uyning 4-, 5- va 6-kirish yo‘laklarining chap tomoni cho‘kib borayotgani aytiladi. Natijada bir uy ikkinchisiga “yonboshlab” qolgan.

“Bu uy boshida yaxshi qurilgan edi. Yillar o‘tib, podvallarga ko‘p miqdorda suv sizib kirishi natijasida orqa tomonga sekin-sekin cho‘kishni boshladi. Oldin ikki “dom”ning orasidan bolalar koptok tepib, yugurib yurishardi, hozir odam kallasi ham sig‘maydigan bo‘lib qolgan. Uyning poliga koptok qo‘ysangiz, narigi tomonga o‘zi yumalab ketadi. Oxirgi yillarda cho‘kish darajasi sekin-sekin ko‘payib ketyapti.

Oldingi “JEK” boshliqlariga murojaat bilan chiqishgandi, qanaqadir komissiya kelib, hal qilamiz deb ketgan. Ammo oxirgi natija nima bilan tugagani noma’lum. Shu bo‘yicha qolib ketdi. Uy engashib ketaversa, qachonlardir yiqiladi-ku, bu yashayotganlar uchun xavfli. Hech kim bizga yordam bergani yo‘q, va’da beriladi, ammo natija yo‘q”, degan murojaatchilardan biri.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, holat maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.

Qonunchilikda bu borada nima deyilgan?

“Uy-joy kodeksi”ning 18-moddasiga ko‘ra, eskirgani, avariya holatidaligi yoki boshqa asoslarga ko‘ra yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan uylar va turar joylarni uy-joy fondidan chiqarish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan uylar va turar joylar kelgusida boshqa maqsadlarda foydalanish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda qayta qurilishi mumkin yoki bunday uylar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qaroriga binoan buzib tashlanadi.

“Uy-joy fondini davlat yo‘li bilan hisobga olish to‘g‘risida”gi qarorda keltirilishicha, tuman (shahar) hokimi tavsiyanomasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, Toshkent shahar hokimi tomonidan yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan uylar yoki turar joylarni boshqa maqsadlarda foydalanish uchun qayta jihozlash yoxud buzish to‘g‘risida qaror chiqariladi. Bunda turar joylari avariya holatida yoki tabiiy ofatlardan jabrlangan deb e’tirof etilgan fuqarolarga davlat tomonidan tekin uy-joy berish masalasi, albatta, hal qilingan bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid