Jahon | 10:53 / 23.10.2023
12979
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Sharqiy O‘rta Yer dengiziga RQM va HHM tizimlarini yubormoqda

Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharq mintaqasida harbiy salohiyatini mustahkamlashda davom etmoqda. Avvalroq Sharqiy O‘rta Yer dengiziga bir nechta harbiy kemalar jo‘natilgan edi. Endi u yerga raketalarga qarshi mudofaa va havo mudofaa tizimlari ko‘chirilmoqda.

Foto: Reuters

Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi tahdidi tufayli Qo‘shma Shtatlar O‘rta Yer dengizi sharqiy qismiga qo‘shimcha qurol tizimlarini yubormoqda. Pentagon rahbari Lloyd Ostin 21 oktyabr kuni mintaqaga zamonaviy THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi va Patriot havo mudofaa tizimi qo‘shimcha birliklarini joylashtirishga buyruq berganini ma’lum qildi.

Qo‘shma Shtatlar avvalroq Sharqiy O‘rta Yer dengiziga bir nechta harbiy kemalarni, jumladan USS Dwight D. Eisenhower va USS Gerald R. Ford samolyot tashuvchi kemalarini joylashtirgan. Bundan tashqari, mintaqaga Amerika harbiy-havo kuchlarining eskadrilyalari - F-15 va F-16 qiruvchi samolyotlari, shuningdek, A-10 hujumkor samolyotlari yuborilgan. CNN shuningdek, AQSh Mudofaa vazirligi Isroil qirg‘oqlariga 2000 kishidan iborat amerikalik dengiz piyoda askarlarining tezkor kuchlarini yuborishga qaror qilgani haqida xabar berdi. 

AQSh harbiylari shay holatga keltirildi 

Bundan tashqari, AQSh Mudofaa vazirligi rahbari o‘z bayonotida, agar kerak bo‘lsa, tezkor javob berish qobiliyatini oshirish maqsadida AQSh qo‘shinlarining qo‘shimcha kontingentini mintaqada joylashtirish uchun tayyor turishga buyurgan. Xabarda qo‘shinlarning aniq soni ko‘rsatilmagan. 

Ostin AQSh prezidenti Jo Bayden bilan «Eron va uning ishonchli vakillari tomonidan Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashtirilishi» so‘nggi ko‘rinishlarini muhokama qilgandan so‘ng qo‘shimcha qurol tizimlarini joylashtirishga buyruq berdi. Ular tiyib turishni ta’minlash, mintaqadagi AQSh qo‘shinlarining himoyasini kuchaytirish va Isroil mudofaasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, deyiladi xabarda. 

HAMAS jangchilarining Isroilga qilgan hujumidan so‘ng, Isroilning TsAXAL armiyasi G‘azo sektoridagi HAMAS obektlarini bombardimon qilmoqda. Isroil shimoli doimiy ravishda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Livanning «Hizbulloh» harakati tomonidan o‘qqa tutilmoqda.

Mavzuga oid