Jahon | 23:28 / 24.10.2023
13684
2 daqiqa o‘qiladi

Biz uchinchi jahon urushiga yaqinlashmoqdamiz - Ilon Mask 

Milliarder Ukraina hududida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va urushni umidsiz vaziyat deb atadi.

Foto: Reuters

Milliarder Ilon Mask uchinchi jahon urushi xavfi haqida ogohlantirdi. O‘zining X platformasidagi onlayn guruh muhokamasida so‘zga chiqqan Ilon Mask Yaqin Sharq va Ukrainadagi harbiy to‘qnashuvlar Uchinchi jahon urushiga aylanib ketishi mumkinligiga ishonishini aytdi.

«Biz, xuddi uyqusida yuradiganlar kabi, Uchinchi jahon urushiga yaqinlashmoqdamiz. Birin-ketin bema’ni qarorlar bilan. Odamlar o‘zini tahlil qilishi kerak. Agar ularning bashoratlari amalga oshmagan bo‘lsa, boshqa bashoratlari amalga oshmay qolishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rishi kerak», dedi u.

Milliarder Ukraina hududida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va urushni umidsiz vaziyat deb atadi.

«Ukrainada tinchlik yo‘lini topishimiz kerak va menimcha, biz Rossiya bilan normal munosabatlarni tiklashimiz kerak», dedi Mask va hozirgi vaziyat Rossiyani Xitoy bilan yaqinroq ittifoqqa majburlashi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, Ilon Mask so‘zlariga ko‘ra, amerikalik siyosatchilar «mintaqaviy» mojaro global tus oladigan vaziyatning oldini olishga ustuvor ahamiyat berishi kerak.

«Tsivilizatsiyaning o‘zi xavf ostida qolishi mumkin», deb ta’kidladi u.

Avvalroq, Ilon Mask Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tasvirlangan memni joylashtirib, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida shov-shuvga yo‘liqqan edi. Mask mashhur memning fotoshop versiyasini joylashtirdi, unda Zelenskiyning yuzida xafa ifodasi aks etgan, mem ostidagi izohda «Besh daqiqa o‘tdi, ammo hali bir milliard dollar yordam so‘ramadingiz», deyilgan edi.

Mavzuga oid