Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonda sobiq adliya vaziri 2 oyga hibsga olindi
Qozog‘istonning sobiq adliya vaziri Marat Beketayev mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Ostona sudi sobiq amaldorni hibsga oldi.
Ostona tergov sudi Qozog‘iston sobiq adliya vaziri, ikki kun avval ushlangan 46 yoshli Marat Beketayevni ikki oyga hibsga olishga ruxsat berdi. Sud matbuot xizmati gumonlanuvchiga nisbatan shunday ehtiyot chorasi qo‘llangani haqida 23 oktyabr, dushanba kuni ma’lum qildi.
Sobiq amaldor mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda. Tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, Beketayev keraksiz xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha yillik shartnomalar tuzish orqali shu’ba kompaniya manfaatlarini himoya qilgan va bu bilan «davlatga katta zarar yetkazgan». Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati o‘tgan shanba kuni sobiq vazir ushlangani haqida ma’lum qilgan, biroq qo‘lga olingan shaxsning ismi oshkor etilmagan.
Sobiq amaldor yangi hukumatga kerak emas
Qozoq matbuotiga ko‘ra, Marat Beketayev mamlakatni tark etmaslik haqida yozma majburiyat olgan, biroq go‘yoki Qozog‘istonni yashirincha tark etishga uringan. Qayd etilishicha, 21 oktyabr kuni sobiq amaldor Istanbulga yo‘l olib, «uzoqroqqa - Londonga» uchib ketmoqchi bo‘lgan, biroq bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.
Beketayev Qozog‘iston Adliya vazirligini 2016 yildan 2022 yil boshigacha boshqargan va 2022 yil yanvarida Qozog‘istonda ro‘y bergan tartibsizliklar ortidan, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 238 kishi halok bo‘lganidan keyin lavozimidan chetlashtirilgan yuqori lavozimli amaldorlardan biri bo‘lgan. Beketayev vazirlikdan ketgach, bosh vazir maslahatchisi etib tayinlangan va o‘tgan yilning dekabr oyida ushbu lavozimdan ozod qilingan edi.
Beketayev ishdan bo‘shatilganidan so‘ng Qozog‘iston OAV uning amaldagi davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan sobiq prezident Nursulton Nazarboyevga yaqin amaldor sifatida ko‘rilgani haqida yozgan. 2022 yil yanvar oyida Qozog‘iston poytaxti va yirik shaharlarida norozilik tartibsizliklar hamda namoyishchilar, politsiya va armiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Shundan so‘ng, sobiq prezident o‘z lavozimini yo‘qotdi. Nazarboyev, shuningdek, o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk daxlsizligi, qarindoshlari esa shaxsiy daxlsizlik huquqidan mahrum bo‘ldi.
Mavzuga oid
17:43 / 19.06.2026
MDH harbiy shtab boshliqlari Ostonada uchrashdi
18:47 / 18.06.2026
Qozog‘iston Markaziy Osiyoda eng ko‘p ichadigan davlat bo‘lib chiqdi - tadqiqot
13:31 / 17.06.2026
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vazirini qabul qildi
20:56 / 12.06.2026