O‘zbekiston | 15:36 / 24.10.2023
41574
2 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prik tumanida hokimlik xodimlari karta o‘ynayotgani aks etgan surat tarqaldi

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tuman hokimi yordamchisi va moliya bo‘limi boshlig‘i ish joyida qimor o‘ynagani aytilmoqda, hokimlik bu ma’lumotni o‘rganmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani moliya bo‘limi boshlig‘i va tuman hokimi yordamchisi karta o‘ynayotgani aks etgan surat tarqaldi. Unda rasmiy idora xonasi ekani ko‘rinib turgan joyda bir guruh shaxslar ko‘rpacha solib, pul tikkan holda karta o‘ynab o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Surat tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Jumladan, foydalanuvchilardan biri o‘yinga mahalliy budjet pullari tikib yuborilgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan. «Ishqilib, mahalliy budjetni tikvormagan bo‘lsin-da», deyiladi izohda.

Uchko‘prik tumani hokimligi holat yuzasidan munosabat bildirgan.

«Mazkur holat Uchko‘prik tumani hokimligi hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlarda qayd etilgan davlat tashkilotlarining viloyat boshqarmalari bilan hamkorlikda belgilangan tartibda o‘rganib chiqilmoqda. O‘rganish natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi», deyiladi hokimlik izohida.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, holat yuzasidan bugun shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan nizomi bilan hokimlik odob-axloq komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi ham kutilmoqda.

Mavzuga oid