Jahon | 13:20 / 25.10.2023
5918
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya bosh vaziri Orban YeIni sobiq SSSRga parodiya deb atadi

Yevropa Ittifoqi SSSRning bir vaqtlar Sharqiy Yevropadagi hukmron mavqeyiga nisbatan «yomon parodiya» bo‘lmoqda, dedi Orban. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi hali ham islohotlarga qodir, deb hisoblaydi.

Foto: EPA - ELTA

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqini yana tanqid qilib, uni sobiq ittifoq bilan qiyosladi va uni SSSRning «yomon parodiyasi» deb atadi. «Ba’zida tarix takrorlanadi. Moskva fojia edi. Bryussel - shunchaki yomon zamonaviy parodiya. Biz Moskva qo‘shig‘iga raqsga tushishimiz kerak edi. Bryussel ham kuy chalyapti, lekin biz xohlagan vaqtda raqsga tushyapmiz», - dedi u 23 oktyabr, dushanba kuni kechqurun Vesprem shahrida milliy bayram munosabati bilan so‘zlagan nutqida.

Shu bilan birga, Orban Yevropa Ittifoqi misolida hali ham umid borligini ta’kidladi. «Moskvani endi tuzatib bo‘lmaydi, lekin Bryussel va Yevropa Ittifoqini tuzatish mumkin», dedi u kelasi yilga rejalashtirilgan Yevropa parlamenti saylovlariga ishora qilib. Vengriya bosh vaziri bu saylovda hamfikr partiyalar g‘alaba qozonib, Bryusselni migratsiya kabi masalalarda yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur qilishiga umid bildirdi.

Orbanning Yevropa Ittifoqi bilan ziddiyatlari 

2010 yildan beri Vengriya hukumatini boshqarib kelayotgan Viktor Orban bir necha bor Bryussel va sovet Moskvasi o‘rtasida o‘xshashliklarni keltirgan hamda Yevropa komissiyasi bilan yillar davomida qonun ustuvorligi, ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlarni nazorat qilish va boshqa mavzularda tortishib kelgan. Orban Ukrainaga qarshi urush sababli Rossiyaga qo‘yilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga qo‘shilishni istamadi va Moskva bilan ishlashda davom etmoqda. 

23 oktyabr kuni vengerlar Vengriyaning bir partiyaviy diktaturasi va sovet ittifoqi ta’siriga qarshi 1956 yilgi xalq qo‘zg‘oloni boshlanishini xotirlaydi. Sovet armiyasi bu qo‘zg‘olonni shafqatsizlarcha bostirgan. 1989 yilda Vengriyada kommunistik tuzum qulaganidan keyin 23 oktyabr mamlakatda milliy bayram deb e’lon qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid