Jahon | 14:57 / 26.10.2023
2808
3 daqiqa o‘qiladi

Moldova oktyabr oyi oxirigacha YeIdan yana 72,5 million yevro oladi

YeIga nomzod Moldova oy oxirigacha YeI makromoliyaviy yordamining muhim qismini oladi, chunki u o‘z siyosiy majburiyatlarini bajardi, deya ma’lum qildi Yevrokomissiya.

Foto: rupor.md

25 oktyabr, chorshanba kuni Yevroittifoq Moldovaga 50 million yevro miqdorida kredit to‘ladi, oy oxirigacha esa undan keyin grantlar ko‘rinishida 22,5 million yevro miqdoridagi yana bir transh yo‘naltiriladi, deb xabar berdi Yevrokomissiya matbuot xizmati. Ushbu mablag‘lar Kishinyovga makromoliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaldagi kelishuvlar doirasida ajratiladi.

Yevrokomissiya Moldova Yevropa Ittifoqi oldidagi siyosiy majburiyatlarini bajarganini qayd etganidan keyin bu summa ajratilgan. Aniqrog‘i, Bryusselda ta’kidlanishicha, mamlakat qish mavsumi uchun aniq chora-tadbirlar rejasini qabul qilib, energiya xavfsizligini oshirdi. Kishinyov, shuningdek, davlat sektori boshqaruvini kuchaytirdi va magistratura Oliy kengashi hamda prokurorlar Oliy kengashidagi bo‘sh o‘rinlarni to‘ldirish orqali qonun ustuvorligi bo‘yicha muvaffaqiyatga erishdi. Bundan tashqari, Moldova tadbirkorlikni rivojlantirishning yangi dasturi va raqamli transformatsiya strategiyasini qabul qilib, mamlakatda biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘ydi, deb xabar berdi Yevrokomissiya.

Yevropa Ittifoqi tomonidan Moldova uchun rejalashtirilgan makromoliyaviy yordam hajmi 295 million yevroni tashkil etadi, shundan 220 millioni kredit, 75 million yevro grant shaklida. Bu miqdor 2023 yil iyun oyida Yevroparlament va YeI kengashi tomonidan qabul qilingan 145 million yevrogacha bo‘lgan qo‘shimcha moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi, shundan 72,5 millioni oktyabr oyi oxirigacha Moldovaga to‘lanadi. Umuman olganda, shu oy oxirigacha Moldova makromoliyaviy yordam doirasida 172,5 million yevro oladi. Keyingi to‘lovlar Yevropa Ittifoqi tomonidan siyosiy shartlar bajarilganda amalga oshiriladi.

Yevrokomissiya Moldovaning 2023 yil noyabriga mo‘ljallangan navbatdagi Yevropa Ittifoqi «kengayish paketi» doirasida ustuvor islohotlarni amalga oshirish borasidagi o‘zgarishlari haqida hisobot beradi. Ustuvor islohotlar bo‘yicha muvaffaqiyatlar Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyani jadallashtirish, sarmoya va moliyalashtirishni ko‘paytirishning bevosita yo‘lidir.

2022 yil 23 iyun kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlati davlat va hukumat rahbarlari Ukraina bilan birga ariza bergan Moldovani YeIga kirish uchun nomzod davlat sifatida tan oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid