Jahon | 11:20 / 27.10.2023
10735
5 daqiqa o‘qiladi

Yavlinskiy Kremlda Putin bilan uchrashdi

«Yabloko» matbuot xizmati Yavlinskiy Putin bilan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini muhokama qilganini rad etdi.

Foto: Alexander Kochubei

«Yabloko» partiyasi asoschisi Grigoriy Yavlinskiy 26 oktyabr, payshanbaga o‘tar kechasi Kremlga tashrif buyurib, u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Rossiyalik siyosatchini 25 oktyabr kuni kechqurun Kremlda «Kommersant» jurnalisti Andrey Kolesnikov payqab qolgan – uning so‘zlariga ko‘ra, Yavlinskiy «hech kim bilan gaplashmay, tezda ichkariga kirib ketgan». Keyinchalik Yavlinskiyning Putin bilan uchrashuvi haqidagi ma’lumotni «Yabloko» partiyasi matbuot xizmati tasdiqladi

«Yabloko» matbuot-reliziga ko‘ra, Grigoriy Yavlinskiy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida «o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv zarurligini», shuningdek, ushbu masala bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligini muhokama qilish uchun Putin bilan tunda uchrashishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Yavlinskiy prezident bilan «jahon iqtisodiy tizimi parchalanishi sharoitida Rossiya iqtisodiyotining istiqbolli muammolarini» muhokama qilgan. 

Uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tdi: bu haqda Rossiya prezidenti saytida xabar berilmagan, ommaviy axborot vositalari vakillari ham unga taklif qilinmagan.

Bir kun avval Rossiya Kommunistik partiyasi rahbari Gennadiy Zyuganov Putin bilan muzokaralar olib borgani ma’lum qilingandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u prezident bilan «Rossiya kelajagi qiyofasi»ni muhokama qilgan. Shu bilan birga, Zyuganov bu saylov kampaniyasiga tegishli ekanini tasdiqlamadi.

OAV: Kreml Yavlinskiyning saylovlarda ishtirok etishini xohlayapti

«Yabloko» matbuot xizmati OAVga bergan bayonotida Yavlinskiy va Putin Rossiyada bo‘lajak prezidentlik saylovlarini muhokama qilmaganini alohida ta’kidladi. Uning press-relizida yana bir bor ta’kidlanishicha, «Yabloko» asoschisi, agar «fuqarolarning o‘zi uning nomzodini ko‘rsatish uchun kamida 10 million imzo to‘plasa» saylovlarda ishtirok etishga tayyor.

Bir qator ommaviy axborot vositalari 2023 yil avgust oyi oxiridan beri Yavlinskiy yana bir bor saylovda ishtirok etishi mumkinligi haqida Rossiya prezidenti ma’muriyatidagi manbalarga tayangan holda qayta-qayta xabar berdi. Shu tariqa, «Meduza» nashri Yavlinskiy bilan bir qatorda Rossiya Kommunistik partiyasi yetakchisi Gennadiy Zyuganov va LDPR vakili Leonid Slutskiyni Putinning navbatdagi prezidentlik saylovlari uchun «sparring sheriklari» sifatida tanlash rejalashtirilayotganini yozdi.

Keyinchalik ommaviy axborot vositalarida Yavlinskiy saylovchilarga «demokratik nomzodlar»dan biri sifatida ko‘rsatilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Yavlinskiyning muxolifchiligi, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqidagi rasmiy pozitsiyasi bilan ifodalanadi - siyosatchi va «Yabloko» partiyasi harbiy harakatlarni ehtiyotkorlik bilan qoralaydi, buning uchun javobgarlikni bevosita Putinga yuklamaydi. 

Keksa raqiblar tanlanyapti

«Meduza» manbalariga ko‘ra, Kreml tomonidan saylovlarda «muxoliflar» uchun qo‘yilgan asosiy mezonlardan biri ularning yoshi bo‘lishi lozim – ular kamida 50 yoshda bo‘lishi kerak.

Yavlinskiy bilan bir qatorda «O‘ng kuchlar ittifoqi» partiyasidan Davlat dumasi sobiq deputati, 60 yoshli Boris Nadejdin «liberallar» uchun nomzod sifatida tanlangan. «Yabloko» asoschisidan farqli o‘laroq, Nadejdin oktyabr oyi o‘rtalarida saylovlarda ishtirok etishni rejalashtirayotganini tasdiqladi. Bundan tashqari, 2023 yil boshida u Moskva viloyati gubernatori saylovida o‘z nomzodini ilgari surdi, ammo ro‘yxatga olish uchun munitsipal deputatlardan yetarlicha imzo to‘play olmadi. 

Grigoriy Yavlinskiy, o‘z navbatida, 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida atigi 1,05 foiz ovoz olgan. Bunday «liberal muxolifat vakillari»ning past reytinglari davlat OAVga jamoatchilik kayfiyatini amaldagi kursni to‘liq qo‘llab-quvvatlash sifatida ko‘rsatishga yordam berishi kutilmoqda. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq prezidentlik saylovlarining «oldindan taxmin qilinayotgan» natijalari haqida gapirgandi.

Mavzuga oid