Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jabaliyadagi qochqinlar lageriga zarba: o‘nlab kishilar halok bo‘lgan
Isroil harbiylari G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lageriga aviazarba yo‘llashi oqibatida kamida 47 kishi halok bo‘ldi. Falastin Qizil Xoch jamiyati vakili xarobalar ostidan 25 kishining jasadi olib chiqilganini tasdiqlagan.
HAMAS harakati nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar soni 50, yaralanganlar soni – 150 kishini tashkil etadi.
O‘z navbatida, Isroil armiyasi zarba oqibatida HAMASning yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri o‘ldirilgani va «terrorchilarning yerosti infratuzilmasi» vayron qilinganini bildirgan. TsAHAL bayonotida bu joyda qo‘mondon bilan birga «Markaziy Jabaliya» batalyonining yana o‘nlab jangarilari bo‘lgani aytilgan.
Bu vaqtda Isroil quruqlik kuchlari G‘azo sektori shimolida HAMAS guruhini yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotining «ikkinchi bosqichi»ni davom ettirmoqda.
Reuters agentligi taqdim etgan fotosuratlarda lagerga katta zarar yetgani va odamlar xarobalar ostidan omon qolganlarni qidirayotgani aks etgan. Zarba oqibatida aholi tig‘iz yashagan hudud markazida bir qancha turar joy binolari ham vayron bo‘lgan.
AFP muxbiri ham Jabaliyadagi portlash hududida bo‘lgan. Agentlik xabar berishicha, bu joyda tasvirga olingan videomateriallarda vayronalar ostidan olib chiqilgan 47 kishining jasadini ko‘rish mumkin (bu G‘azo rasmiylari tarqatgan ma’lumotga yaqin).
«[Bizning xodimlar] tinch aholi vakillari bo‘lgan 25 kishining jasadini topishdi... bu qo‘rqinchli», — degan BBC bilan suhbatda Falastin Qizil Xoch jamiyati rahbari Marvon Jilaniy.
Mahalliy aholi vakili Rageb Akal agentlik bilan suhbatda portlash kuchi «zilzilanikidek bo‘lgani»ni aytgan.
Isroil mudofaa armiyasi vakili Daniel Hagari Isroil qiruvchi samolyotlari G‘azodagi Jabaliya qochqinlar markaziga zarba berganini tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarba oqibatida HAMAS «Markaziy Jabaliya» batalyoni komandiri Ibrohim Biariy halok bo‘lgan.
Hagarining aytishicha, bu «terrorchilar va terror infratuzilmasiga qarshi keng ko‘lamli zarba doirasida amalga oshirilgan».
Hagari zarba oqibatida Biariy bilan birga «ko‘p sonli terrorchilar» o‘ldirilgani, «terror yerosti infratuzilmasi» vayron qilinganini qo‘shimcha qilgan.
Isroil bayonotida tinch aholi vakillari G‘azo sektori shimolidan janubga ketish bo‘yicha chaqiriq takrorlangan.
Qurollar sohasi ekspertlaridan birining aytishicha, zarba joyida hosil bo‘lgan ulkan o‘ra Isroil armiyasi yer ostida chuqur joylashgan nishonlarga qarshi qo‘llaydigan bomba tushishi oqibati bo‘lishi mumkin.
Atrofdagi shifoxonalarda zarba oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlari paydo bo‘lgan.
«Ular shunchaki o‘z uylarida bo‘lishgan, ular uylarida ekanida zarbaga uchragan... Barcha shahidlar, bolalar, ayollar, keksa yoshli kishilar», — degan Reuters agentligiga falastinlik shifokorlardan biri.
Jabaliya qochqinlar lageri qanday joy o‘zi?
Jabaliya lageri G‘azo shahri (bu G‘azo sektori degani emas, shahar sektor markazida) shimolida joylashgan.

U G‘azodagi sakkizta qochqinlar lagerining eng yirigi hisoblanadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, u yerda 116 mingdan ortiq falastinlik qochqin ro‘yxatga olingan.
Qochqinlar lagerni 1948 yilgi urushdan keyin qura boshlagan.
U 1,4 kvadrat kilometr maydonni egallaydi, ammo aholi tig‘iz yashaydi — lagerning katta qismi turar joy binolaridan iborat. Jabaliyada 26 ta maktab, oziq-ovqat tarqatish markazi, ikkita sog‘liqni saqlash markazi, kutubxona va yettita suv qudug‘i bor.
Shati lageri kabi Jabaliya lageri ham G‘azo sektorining Isroil tinch aholi vakillari evakuatsiyasi amalga oshirilishi lozimligini e’lon qilgan shimoliy qismida joylashgan.
BBC’ning Yaqin Sharq bo‘yicha korrespondenti, ushbu lagerga ko‘p bor shaxsan tashrif buyurgan Pol Adamsning yozishicha, so‘nggi haftalarda bu hududni qanchalik ko‘p odam tark etganini aniq aytib bo‘lmaydi, ammo tarqalgan fotosuratlar orqali bu yerda hali ham yuzlab kishilar qolayotganini anglash mumkin.
Adams bir hafta oldin Asma ismli falastinlik yosh jurnalist bilan yozishgani, u oilasi bilan birgalikda Isroil hukumati tavsiyasiga amal qilmasdan sektor janubiga ko‘chib o‘tmaslikka qaror qilganini bildirgan.
«G‘azo sektorida hammayoq xavfli, — deya yozgan u, — shunday ekan, ko‘chib o‘tishdan ma’no yo‘q». Ammo bir hafta muqaddam Asma xabarlarga javob bermay qo‘ygan.
Jabaliyaning odamlar bilan gavjum ko‘chalari 1948 yilda bu yerga kelib, yashay boshlagan falastinliklarning chodirlar lageridan butkul farq qiladi, deya davom etadi Adams. Bu odamlar Isroil tashkil etilganidan keyin yoki qochgan yoki o‘z uylaridan quvilgan.
Isroilning 7 oktyabr kuni boshlangan kampaniyasi davomida bu yerga avval ham zarbalar kelib tushgandi.