Ishlamayotgan kameralar va qog‘ozda qolayotgan avtoturargohlar. Mas’ullar nima deydi?
Avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklardagi o‘nlab kameralar ishlamayapti. Parkomatlar loyihasi loyihaligicha qolib ketyapti. Ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish bo‘yicha qaror ijrosi esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
2 noyabr kuni Transport vazirligi va “Toshshahartransxizmat” mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Kun.uz muxbiri poytaxtdagi jamoat transportiga doir bir nechta masalalar yuzasidan rasmiylardan izoh so‘radi.
Avtobus uchun ajratilgan bo‘laklardagi kameralar nima bo‘ldi?
Shu yil boshida Toshkent shahrida harakatlanuvchi avtobuslarga prioritet berish uchun ko‘chalarga maxsus yo‘laklar tashkil qilinib, bu yo‘laklardan qoidaga xilof ravishda yuradigan haydovchilarni jarimaga tortish uchun jami 55 ta videokamera o‘rnatilgandi.
360 gradusli kameralar qoidabuzarliklarni qayd qilib, tizimga yuborishi, ichki ishlar xodimlari bularni ko‘rib chiqib, haqiqatan qoidabuzarlik sodir etganlarni jarimaga tortishi aytilgandi.
Ammo qariyb bir yil o‘tyaptiki, bu videokameralar to‘liq ishlayotgani yo‘q. Shu sababli maxsus yo‘laklarda avtomobillarning bemalol harakatlanayotgani va hatto bu holat avtobuslar ishtirokida YTHlarga sabab bo‘layotgani ham kuzatilmoqda.
Bu haqdagi savolga javoban, “Toshshahartransxizmat” AJ Harakat xavfsizligini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Murod Musaxo‘jayev kameralar ma’lum muddat ishlamagani va jarima yozmaganini tasdiqladi.
“55 ta kuzatuv kameralari o‘rnatilgan edi. Jamoat xavfsizligi bo‘limi hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bu kameralarni test rejimidan ishlash jarayoniga o‘tkazdik. Jarimalar belgilanmadi, qo‘pol qilib aytganda, u kameralar yangisiga o‘zgartirib borilmoqda. Jarayonni fiksatsiya qiladigan, ya’ni o‘sha belgilangan “A” maxsus yo‘laklarda to‘xtab turgan, yo‘l belgisiga amal qilmayotgan haydovchilarga jarima solish kameralariga o‘zgartirilib, shu kecha-kunduzda bu ishlar amalga oshirilmoqda”, – dedi u.
Ta’kidlanishicha, yil boshida o‘rnatilgan kameralar bilan ishlash “murakkab bo‘lgani uchun” ularni o‘zgartirishga qaror qilingan.
Qog‘ozda qolayotgan parkomatlar
Prezidentning 111-sonli qaroriga muvofiq, Toshkentda yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar 2022 yilning noyabr oyidayoq joriy etilishi kerak edi. Parkomatlar shaharning qaysi ko‘chalarida tashkil qilinishi ham e’lon qilingandi.
Aprel oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz bilan suhbatda aynan parkomatlar bo‘ycha may oyida tender o‘tkazilishini aytgandi. Lekin bu loyiha ham hanuzgacha kechiktirilmoqda.
Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Murod Obidovning aytishicha, loyihani amalga oshirishga “normativ-huquqiy bazadagi muammo” xalal bermoqda.
“[Qonunchilikda] noto‘g‘ri “parkovka” qilingan hamda “parkovka” uchun to‘lovni amalga oshirmagan yoki kechiktirilgan fuqarolarga qo‘llanadigan hech qanday chora yo‘q. Biz Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritish kerak bo‘lgan normalarni ishlab chiqib, vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun kiritdik. Bu jarayonning o‘z reglamenti bor, afsuski, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish tez bo‘ladigan jarayon emas”, – dedi mas’ul.
Vaholanki, ta’kidlash kerakki, MJtKning 128-6-moddasi bilan aynan transport vositalarida to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik – 2 BHM (660 ming so‘m) jarima belgilangan.
Bu jarimani o‘z vaqtida to‘lamaslik boshqa jarimalar bilan bir xil huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Ko‘p qavatli avtoturargohlar-chi?
59-sonli prezident qaroriga ko‘ra, Toshkentda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi kerak. Qaror 16 fevralda qabul qilingan bo‘lsa, 1 oy muddatda loyiha ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi.
Bu haqdagi savolga javoban, Murod Obidovning aytishicha, yer ajratish masalasi so‘roq ostida bo‘lib turibdi. U bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi mas’ul ekanini aytib o‘tdi.
“Bu masala doimiy aktual. Lekin bunda to‘g‘ri joyni tanlash, konsepsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun biz “Toshkentboshplanliti” va Qurilish vazirligi bilan hamkorlikda ma’lum nuqtalarni belgilab olganmiz, kelajakda qilinishi kerak bo‘lgan transport hablari... Bu Toshkent shahrining tashqarisiga taalluqli, shahar ichkarisi bilan bog‘liq masalada esa muammolar bor.
Bilasiz, poytaxtda deyarli bo‘sh joy qolmagan. Agar qiladigan bo‘lsak, qaysidir mulkdorning mulkiga daxl qilish muammosiga yuzlashamiz”, – dedi u.
Transport vazir Ilhom Mahkamov apreldagi intervyusida ko‘p qavatli avtoturargohlar quriladigan manzillar ham, qaror loyihasi ham tayyor ekanini aytgandi.
“Asosiy ideologiya shundaki, atrofida “parkovka”ga imkoniyati yo‘q bo‘lgan joylar yoki odamlar va shaxsiy transportlar ko‘p yig‘iladigan manzillarga joylashtirilyapti. 5 yoki 7 qavatli avtoturargohlar bo‘ladi, pastki ikki qavatini yerostiga kirgizishga harakat qilib ko‘ramiz. Bu juda ham mukammal ishlab chiqilishi lozim, chunki injyenerlik-kommunikatsiyalar o‘tgan joylar bor. Bu – loyihachilar bilan ishlanadigan, talab qilinadigan masalalar. Lekin manzillarimiz ham, qaror loyihasi ham tayyor. Shu kunlarda buni Vazirlar Mahkamasiga kiritamiz. Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lib chiqadi”, – degandi Mahkamov.
Mavzuga oid
23:47 / 26.11.2024
Toshkentda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan Isuzu haydovchisi halok bo‘ldi
21:14 / 26.11.2024
Toshkentda harakatlanib ketayotgan mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi
21:02 / 26.11.2024
Toshkent shahridagi ayrim avtobuslar harakati yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartiriladi
22:20 / 25.11.2024