Jahon | 08:56 / 06.11.2023
30024
4 daqiqa o‘qiladi

Blinkenning tashrifi vaqtida Erdo‘g‘an Anqarada bo‘lmaydi

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharqdagi mojarolarni hal qilish harakatlari doirasida Turkiyaga rejadan tashqari tashrif bilan bordi.

Foto: EPA

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyaga tashrif buyurishini e’lon qilgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning tashrifi chog‘ida Anqarada bo‘lmasligini bildirdi. U rejalashtirilganidek mamlakat bo‘ylab safarini davom ettiradi, deb xabar berdi Turkiya prezidenti 5 noyabr, yakshanba kuni Qora dengiz bo‘yidagi Rize shahrida so‘zlagan nutqida. Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, u mintaqadagi urbanizatsiyani o‘rganish niyatida.

Blinken avvalroq Isroilga kutilmagan tashrifni amalga oshirdi, keyin esa Ramallohga safar qildi, bu 7 oktyabrdan keyin Falastin hududlariga birinchi tashrif. 5 noyabr kuni kechqurun davlat kotibi Turkiyaga uchib keldi va u yerda «Yaqin Sharqda barqaror tinchlikka erishish» mumkin bo‘lgan yo‘llarni, jumladan «Falastin davlatini yaratish»ni, Amerika tashqi siyosatini muhokama qilish niyatida. Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan muzokaralar 6 noyabrga belgilangan. Erdo‘g‘anning bayonotlaridan oldin Blinkenga yaqin shaxslar Turkiya prezidenti bilan ehtimoliy uchrashuv haqida ijobiy umidlarini bildirgandi.

Namoyishchilar Injirlik bazasiga kirishga harakat qildi

Ayni paytda, namoyishchilar Amerika havo kuchlari joylashgan Turkiyadagi Injirlik havo bazasiga kirishga harakat qilgan. Politsiya havo bazasi yaqinida Isroil va AQShga qarshi namoyish o‘tkazgan faollarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan. IHA agentligi Falastin va Turkiya bayroqlarini ushlab turgan namoyishchilarning tarqatib yuborilgani aks etgan videoni chop etdi. Namoyishchilar aviabazaga 5 noyabr kuni ertalab Istanbuldan yetib kelgan.

Bir kun avval Erdo‘g‘an Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan aloqani davom ettirishning iloji yo‘qligini ma’lum qilgan edi. «Netanyahu endi biz gaplashadigan odam emas. Biz uni o‘chirib tashladik», dedi u. Bundan tashqari, Anqara Turkiya o‘z elchisini Isroildan «maslahatlashuvlar» uchun chaqirib olayotganini aytdi. Shu bilan birga, Erdo‘g‘anning matbuot xizmati Turkiya shunga qaramay, Isroil bilan diplomatik aloqalarni uzish niyatida emasligini tushuntirdi. Bir hafta oldin Isroil hukumati Turkiyaning Falastin-Isroil mojarosi haqidagi ritorikasi munosabati bilan Anqara bilan munosabatlarini «qayta ko‘rib chiqayotganini» bildirgandi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid