Jahon | 11:45 / 07.11.2023
4669
2 daqiqa o‘qiladi

Borrel Yaqin Sharqdagi urushni «jamoaviy muvaffaqiyatsizlik» deb atadi

Yevropa diplomatiyasi rahbari xalqaro hamjamiyatni «Falastin-Isroil muammosini hal qilishda iroda yo‘qligi» uchun qoraladi.

Foto: Reuters

Isroil va HAMAS guruhi o‘rtasidagi urush «jamoaviy siyosiy va ma’naviy muvaffaqiyatsizlik» natijasidir. Bu haqda 6 noyabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqi elchilarining Bryusseldagi anjumanida YeI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel ma’lum qildi. Nutq Yevropa tashqi aloqalar xizmatining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida translatsiya qilindi.

«Isroilliklar va falastinliklar katta narx to‘layotgan bu muvaffaqiyatsizlik Falastin-Isroil muammosini hal qilish uchun iroda yo‘qligi natijasidir», dedi Borrel. Yaqin Sharqdagi vaziyat hozirgi yomonlashuvining yana bir sababi sifatida u ikki davlat yaratish g‘oyasini hayotga tatbiq etishga yordam beradigan haqiqiy yo‘l xaritasi yo‘qligini ta’kidladi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 10 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid