O‘zbekiston | 11:50 / 07.11.2023
3771
3 daqiqa o‘qiladi

FVVga portlash xavfi yuqori moddalarni saqlashni nazorat qilish vazifasi yuklandi

Vazirlikda yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari tashkil etiladi.

Foto: Kun.uz

“Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklandi.

Vazirlikda yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari tashkil etiladi.

2024 yil 1 yanvardan:

  • respublikaga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni olib kiruvchi sub’yektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
  • kimyoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yong‘inlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.

Respublikaga kimyoviy moddalarni olib kiruvchi sub’yektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan axborot platformasi yaratiladi.

2024 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga kimyoviy moddalarni olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi:

Bojxona qo‘mitasi kimyoviy moddalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi hamda 1 kun muddatda Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi sub’yekt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga taqdim etadi;

kimyoviy moddalarni olib kiruvchi sub’yektlar ushbu moddalar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kunning o‘zida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi ma’lumotlarni Milliy markazga taqdim etadi. 

Mavzuga oid