11:34 / 07.11.2023
21703

O‘zbekistonda banklarni sanatsiya qilish tartibi belgilanmoqda. Bu nima degani?

Markaziy bank bank-moliya tizimida katta ahamiyatga ega tijorat banklari inqirozga uchraganda ularni sanatsiya qilish tartibini ishlab chiqdi. Sanatsiya – yirik banklardan birortasi to‘lovga qobiliyatsiz holatga tushib qolsa, muammoni minimal zarar bilan hal qilish, bunda davlat mablag‘larini ishlatmaslikni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston Markaziy banki “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Muhokama 31 oktabr kuni yakunlandi.

Banklarni sanatsiya qilish tartibi – O‘zbekiston bank-moliya tizimi uchun yangi tartib. Loyihada sanatsiya qiluvchi organ va sanatsiya bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash manbalari, sanatsiya qilinadigan bankka likvidlilikni taqdim etish shartlari oydinlashtirilgan. Sanatsiya qilish asoslari aniqlashtirilib, vositalar ko‘rsatib o‘tilgan. U Jahon banki ekspertlari bilan birga ishlab chiqilgan.

Markaziy bank department direktori o‘rinbosari Alauddin Arifxanov bu borada Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi.

– Banklarni sanatsiya qilish deganda nima tushuniladi?

– Oddiy tilda tushuntirsam, banklarni sanatsiya qilish deganda tizimda ahamiyatga molik bank to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolsa (ya’ni inqiroz yoqasiga kelsa), Markaziy bankning o‘sha bankni tiklashga qaratilgan harakati tushuniladi. Ya’ni avvaliga bankni qayta tiklash uchun bir qator instrumentlar qo‘llaniladi, ammo bankni tiklashning iloji bo‘lmasa, mamlakat moliyaviy barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmagan holda minimal zarar bilan tugatib yuboriladi.

Alauddin Arifxanov

– Nima uchun banklarni sanatsiya qilish kerak?

– Masalan, siz uchuvchisiz, favqulodda holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida sizda yo‘riqnoma bor va shunga qarab muayyan inqirozli vaziyatlarda qaror qabul qilasiz. Banklarni sanatsiya qilish tartibini ham shunday tushunsak bo‘ladi. Bu qandaydir inqiroz yaqinlashib kelayotganini anglatmaydi, balki bu har qanday inqirozli vaziyatlar uchun yo‘riqnomaga ega bo‘lish zaruriyati ekanini tushunishimiz kerak.

Banklar hozir normal va sog‘lom holatda bo‘lsa-da, inqirozli vaziyatlarda hozir ishlab chiqilgan tartib (buni reja deb atasak ham bo‘ladi) bo‘yicha ketiladi.

Joriy yildagi Shvetsariyaning eng yirik banklaridan biri Credit Suisse inqirozini eslang. Hukumat bankning inqirozi butun moliya tizimiga tarqalishining oldini olish uchun vaziyatga aralashdi va bank Shveytsariyaning yana bir yirik banki UBS'ga 3 milliard frankka sotildi. Xuddi shu jarayonni biz sanatsiya deb baholaymiz va bu tartib bizda ham ishlay boshlaydi.

Hozirgi holatda qanday? Hozirda biror xususiy bank inqirozga uchragudek bo‘lsa, tugatib yuboriladi. Inqiroz davlat banklarida ro‘y bersa, davlat tomonidan kapitalizatsiya qilinadi, ya’ni davlat bankni tiklash uchun yana pul kiritadi. Sanatsiyaning asosiy maqsadi – soliq to‘lovchilarning pulini tejash, banklarni qayta tiklash uchun davlat budjetiga bo‘lgan bosimni minimallashtirish.

– Qanday banklar sanatsiya qilinadi?

– Muayyan bankni sanatsiya qilishda 2 ta asosiy jihat bor: avvalo, bank to‘lovga qobiliyatsizmi yoki yo‘q, ya’ni bu bank o‘zini o‘zi eplay oladimi yoki yo‘q, shu aniqlanadi. Ikkinchi jihat esa, uning mamlakat bank tizimi uchun ahamiyatga molikmi yoki yo‘qligiga oid. Agar bank tizimda ahamiyatga molik bo‘lmasa, tugatib yuboriladi. Ahamiyatga molik bo‘lsa, deylik, depozit xizmatlari yoki boshqa jihatlariga ko‘rada uning ahamiyati yuqori bo‘lsa, sanatsiya (qayta tiklash) qilinadi. Agar qayta tiklashning iloji bo‘lmasa, tugatiladi. Kichik, tizimga ta’siri bo‘lmagan banklar amaldagi tartibga ko‘ra tugatiladi. Oddiy tilda aytsak, inqirozga kelib qolgan bank tizim barqarorligiga yomon ta’sir qilmasligi uchun sanatsiyaga tushiriladi.

Sanatsiya qiluvchi vakolatli organ sifatida Markaziy bank belgilanyapti. Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmasligi uchun regulyator nazorat va sanatsiya funksiyalarsini alohida yuritishi kerak bo‘ladi. Sanatsiyaga kelib qolgan bankni nazorat funksiyasi chetda qolmasligi kerak.

– Sanatsiya vositalari qaysilar?

– Sanatsiya qilish vositalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi.

Birinchisi, aktivlar va majburiyatlarni o‘tkazish. Bunda aktivlarni sotish yoki boshqa bankka o‘tkazish tushuniladi.

Ikkinchisi esa, oraliq (barqarorlashtiruvchi) bankni tashkil qilish. Bunda sog‘lom aktivlar oraliq bankka o‘tkaziladi, muammoli aktivlar tugatishga jo‘natiladi. Keyinchalik sog‘lom aktivlar sotib yuboriladi. Oraliq bankni tashkil qilish vakolati ham Markaziy bankka tegishli bo‘ladi.

Uchinchisi, hisobdan chiqarish va (yoki) konvertatsiya qilish. Bunda majburiyatlar kapitalga aylantiriladi. Bankning zarari bank aksiyadorlarga tegishli aksiyalar hisobidan qoplanib, bank majburiyatining bir qismi esa aksiyalarga konvertatsiya qilinadi.

Markaziy bank sanatsiya qilish vositalarini birgalikda yoki alohida qo‘llashi mumkin.

Yana bir jihat, qonunga banklarni tugatish qismini ham qo‘shdik. Markaziy bank sanatsiyani amalga oshirsa, sanatsiyadan qolgan qismini tugatishi kerak. Bu holatda majburiy tugatish tartibi ham bu qonundan joy olishi mantiqan to‘g‘ri. Shu bilan birga, unda banklarni ixtiyoriy tugatish qismi ham bor.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Top