Jahon | 01:01 / 11.11.2023
11765
2 daqiqa o‘qiladi

Abbos G‘azoda xavfsizlikni nazorat qilishga tayyorligini tasdiqladi

G‘azo sektori Falastin davlatining ajralmas qismidir, dedi u.

Foto: AP

Falastin milliy ma’muriyati (PNA) rahbari Mahmud Abbos 10 noyabr kuni G‘arbiy sohildagi Falastin hukumati Isroilning harbiy amaliyoti yakunlanganidan so‘ng G‘azo sektorida xavfsizlikni ta’minlashga tayyorligini aytdi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.

«G‘azo sektori Falastin davlatining ajralmas qismidir va biz G‘arbiy sohil, jumladan Sharqiy Quddus va G‘azo sektori uchun keng qamrovli siyosiy yechimning bir qismi sifatida buning uchun javobgar bo‘lamiz», dedi Abbos.

Isroilning harbiy amaliyoti yakunlanganidan keyin G‘azo sektoridagi boshqaruv mavzusi mintaqa va G‘arb siyosatchilari orasida faol muhokama qilinmoqda. Xuddi shunday bayonotni bir kun avval Abbosning vorisi deb atalgan falastinlik siyosatchi Husayn ash-Shayx ham aytgan edi. U AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga Falastin milliy ma’muriyati G‘azo sektori rahbariyatini o‘z qo‘liga olish imkoniyati haqida umuman ijobiy fikrda ekanini aytgan. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh ma’muriyati falastinliklarning Isroil bilan mojarosini keng qamrovli siyosiy yo‘l bilan hal qilishga, ya’ni Falastin davlatini yaratishga ko‘maklashish majburiyatini olgan taqdirdagina falastinliklar bunga tayyor.

Ayni paytda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 10 noyabr kuni Isroil harbiylari anklavdagi harbiy operatsiya yakunlanganidan keyin G‘azo sektori ustidan nazoratni saqlab qolishini va u yerda xalqaro kuchlarni joylashtirish haqida gap yo‘qligini aytdi.

Shu bilan birga, so‘nggi haftalarda AQSh rasmiylari G‘azodagi xavfsizlikni xalqaro kuchlar, xususan, qo‘shni arab davlatlarining harbiy xizmatchilari hal qilishini taklif etishdi. Keyin nazorat falastinliklarga qaytarilishi kerak va Vashingtonning fikricha, G‘arbiy Sohildagi Falastin ma’muriyati vakillari bu vazifani o‘z zimmasiga oladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid