O‘zbekiston | 17:30 / 12.11.2023
27039
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda Milliy gvardiya markazi boshlig‘i qo‘lga olindi

Foto: Videodan kadr

DXX Xorazmda Milliy gvardiya markazi boshlig‘ini, Toshkent shahrida advokatni, Buxoroda esa «IIB xodimi»ni pora olayotganda ushladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi IJQK departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokatlik byurosi advokati firibgarlik yo‘li bilan fuqarodan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, advokat o‘zining Oliy sudda ishlovchi tanishlari orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2023 yil oktabr oyidagi hal qiluv qarorini sudning appelyatsiya instansiyasi jarayonida fuqaro (sudlanuvchi) foydasiga o‘zgarishsiz qoldirish masalasini hal qilib berishni va’da qilgan.

Buxoro viloyatida kuzatilgan holatda esa o‘zini ichki ishlar idoralari xodimi deb tanishtirgan shaxs mahalliy fuqarodan uning tanishiga nisbatan Ichki ishlar organi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan, ya’ni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan mazkur shaxsni tergov hibsxonasidan chiqarish va unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishini harakatdan tugatishni hal qilib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxs oldindan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

DXXning Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Milliy gvardiya Xorazm viloyati qo‘riqlash boshqarmasi Shovot tumani qo‘riqlash bo‘limi texnik qo‘riqlash markazi boshlig‘i firibgarlik yo‘li bilan 1400 AQSh dollari hamda 1,2 million so‘m pullarni olgan vaqtida ushlangan.

Aniqlanishicha, u mahalliy fuqaroni Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid