Jahon | 12:08 / 13.11.2023
3399
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya rossiyaliklarning velosipedda kirishini taqiqladi

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 9 noyabrdan boshlab Rossiya-Finlandiya chegarasidagi kamida uchta nazorat-o‘tkazish punktida Rossiyadan velosipedchilar kirishi to‘xtatilgan. Taqiq rasman e’lon qilinmagan.

Foto: Reuters

Finlandiya o‘z hududiga Rossiyadan velosipedda kirishni taqiqladi, deb xabar berdi Sankt-Peterburgning «Fontanka» nashri 11 noyabr kuni chegarani kesib o‘tishga uringan Rossiya fuqarolariga tayanib. «Hech bir joyda yozma tasdiq olishning iloji yo‘q, lekin velosipedchilarni qaytarib yuborishmoqda. Finlandiya chegarachilariga qo‘ng‘iroq qildik - ular tasdiqladi. Bugun shaxsan menga rad javobi berildi», - dedi nashrga o‘quvchilardan biri.

«Vaalimaa» nazorat-o‘tkazish punktida navbatchi chegarachining RIA «Novosti» davlat agentligiga ma’lum qilishicha, Finlandiya janubi-sharqidagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlari 9 noyabrdan boshlab Rossiyadan velosipedlarda mamlakatga kirish uchun yopilgan. Agentlik suhbatdoshi cheklovlar nima bilan bog‘liqligi va ular Finlandiyaning boshqa mintaqalaridagi nazorat-o‘tkazish punktlariga qanchalik taalluqli ekanini aniqlashtirmadi.

Chegarani kesib o‘tishning yagona usuli - avtobus 

Umuman olganda, Rossiya-Finlandiya chegarasida to‘qqizta nazorat-o‘tkazish punkti mavjud. «Fontanka» ma’lumotlariga ko‘ra, «Imatra», «Nuyamaa» va «Vaalimaa» nazorat punktlarida velosipedda kirish taqiqlangan. 

Nashrning qayd etishicha, bular avtomobil nazorat punktlari bo‘lib, piyoda o‘tib bo‘lmaydi. Chegarani kesib o‘tishning yagona qonuniy usuli bu - avtobus. 

Finlandiya chegara xizmati taqiq haqida rasman xabar bermadi 

Finlandiya chegara xizmati veb-saytida Rossiya fuqarolarining kirishiga cheklovlarga bag‘ishlangan bo‘limda velosipedchilar uchun taqiq haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Biroq, velosipedlar Yevropa komissiyasining Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarni qo‘llash tartibini tushuntiruvchi ro‘yxatiga kiritilgan.

Xuddi shu ro‘yxatga Rossiya raqamlari bo‘lgan avtomobillar kiritilgan bo‘lib, sentabr oyida Finlandiya hukumati tomonidan ular uchun kirish yopilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid