Jahon | 09:35 / 13.11.2023
10045
3 daqiqa o‘qiladi

O‘rta Yer dengizida AQSh harbiy vertolyoti halokatga uchradi

O‘rta Yer dengizida besh nafar amerikalik harbiy xizmatchi vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: acecombat.fandom.com

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ma’lum qilishicha, bir kun avval avariya oqibatida halok bo‘lgan amerikalik besh nafar harbiy xizmatchi harbiy vertolyotning qulashi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Bu haqda Ostinning 12 noyabr, yakshanba kuni chop etilgan rasmiy bayonotida aytiladi. 

«Biz O‘rta Yer dengizida mashqlar chog‘ida besh nafar amerikalik harbiy xizmatchining fojiali halok bo‘lganidan qayg‘uramiz», — deyiladi Ostin bayonotida. Bir kun avval avariya haqida xabar bergan Stars and Stripes nashri ham o‘z maqolasiga o‘zgartirishlar kiritdi. OAV manbalariga ko‘ra, Kipr qirg‘oqlari yaqinida MH-60 vertolyotining qulashi oqibatida armiya maxsus kuchlarining besh nafar askari halok bo‘lgan. 

Avariya dastlab 10 noyabr oqshomida harbiy harakatlar natijasida emas, balki havoda yonilg‘i quyish bo‘yicha operatsiya vaqtida sodir bo‘lgani xabar qilingan. Isroil HAMASga qarshi harbiy operatsiya boshlaganidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharq mintaqasida harbiy ishtirokini oshirdi. Xususan, u yerga USS Gerald Ford aviatashuvchisi yuborilgan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid