Finlandiya Rossiya bilan chegarani kesib o‘tishni cheklashga tayyorlanmoqda
Rossiya ko‘magida Finlandiyaga noqonuniy muhojirlar oqimi keskin oshganiga munosabat bildirgan Helsinki Rossiya bilan chegarani yopishga tayyorlanmoqda.
Finlandiyada Rossiyadan kelayotgan noqonuniy muhojirlar soni keskin oshgan va Helsinki vaziyatni hal qilish choralarini tayyorlamoqda. Bu haqda 14 noyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bosh vazir Petteri Orpo ma’lum qildi. U boshqa qadamlar qatorida alohida chegara punktlarini yoki hatto butun chegarani yopish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bojxonachilari amaliyotini o‘zgartirib, endi odamlarga kerakli hujjatlarsiz chegaradan o‘tishga ruxsat bergan, hattoki chegara yaqiniga olib kelishni boshlagan. Ko‘rinib turibdiki, bu odamlarga chegaraga yetib borishda yordam berilmoqda, dedi Finlandiya bosh vaziri hamda bunday harakatlarga jiddiy yondashish kerakligini ta’kidladi. «Biz vaziyatni kuzatmoqdamiz va chora ko‘rishga tayyormiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi Yle media-korporatsiyasi.
Finlandiya vaziri: Rossiya hukumati ish uslublarini o‘zgartirdi
Finlandiya ichki ishlar vaziri Mari Rantanen jurnalistlarga qisqa vaqt ichida Rossiyadan kelgan boshpana izlovchilar soni sezilarli darajada oshganini aytdi. «Rossiya hukumati zarur hujjatlar yo‘qligiga qaramay, Finlandiyaga kirishga ruxsat berib, ish usullarini o‘zgartirdi, - dedi u. - Ya’ni, gap noqonuniy migratsiya haqida ketyapti».
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi zudlik bilan taklif tayyorlamoqda, unga ko‘ra zarurat tug‘ilganda Rossiya va Finlandiya o‘rtasidagi chegaradan o‘tishni cheklash, nazorat-o‘tkazish punktlari yopilishi nazarda tutiladi.
Fin chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, agar 1 avgustdan 12 noyabrgacha mamlakatga zarur hujjatlarsiz 91 kishi kelgan bo‘lsa, faqat shu hafta boshidan, ya’ni bir kundan sal ko‘proq vaqt ichida ularning soni 60 nafarga yetdi. Gap chegarani Rossiya orqali tranzit yo‘nalishda kesib o‘tib, Finlandiyadan boshpana so‘ragan Iroq, Somali va Yaman kabi uchinchi davlat fuqarolari haqida boryapti.
Ikki kun avval Finlandiya o‘z hududiga Rossiyadan velosipedda kirishni taqiqlagan edi.
Finlandiya va Rossiya o‘rtasidagi umumiy chegara uzunligi - 1340 km. U, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasi hisoblanadi.
Mavzuga oid
13:46
Jurnalistlar Ukrainada 78 ming rossiyalik askar halok bo‘lganini tasdiqladi
13:19
NOS: Rossiya hakerlari Yevropa sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilyapti
23:17 / 15.11.2024
Rossiyada «o‘lik jonlar»ni urushga yuborgan «voyenkomat» xodimlari qo‘lga olindi
23:13 / 15.11.2024