Jahon | 12:31 / 16.11.2023
6561
3 daqiqa o‘qiladi

YeK Rossiyaga qarshi 12-sanksiya paketini ishlab chiqishni yakunladi

Rossiyaga qarshi yangi cheklov choralari paketi ko‘rib chiqish uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga taqdim etildi, deb xabar qildi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati. Uning doirasida 120 nafar jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etish taklif qilinmoqda.

Foto: Beata Zawrzel/NurPhoto via Getty Images

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevrokomissiya (YeK) bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi kengashiga Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tajovuzkorligi uchun yangi sanksiyalar paketi loyihasini taqdim etdi. Bu haqda 15 noyabr, chorshanba kuni Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) xabar berdi.

12-paket doirasida Borrel Yevropa komissiyasi bilan birgalikda 120 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarni «Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishdagi roli uchun» sanksiya ro‘yxatiga kiritishni taklif qilmoqda. Gap, boshqa narsalar qatorida, Rossiya harbiy, mudofaa va IT-sektorlari vakillari, shuningdek, «boshqa muhim iqtisodiy operatorlar» haqida bormoqda. 

Yangi import va eksport cheklovlari 

Bundan tashqari, EEAS press-relizida ta’kidlanganidek, import va eksportga yangi cheklovlar, shuningdek, neft narxining yuqori chegaralari hamda YeIning amaldagi sanksiyalarini chetlab o‘tishga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar taklif etiladi. 

Avvalroq Bloomberg Yevropa Ittifoqidan olingan hujjatlarga tayanib, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning 12-paketi doirasida Rossiya Ukrainada qo‘llangan qurollarni ishlab chiqarishda foydalanadigan stanoklar va butlovchi qismlarni Rossiyaga eksport qilishni taqiqlamoqchi ekanini xabar qilgan edi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaga kimyoviy moddalar, litiyli batareyalar, termostatlar, servodvigatellar va dronlar uchun dvigatellar olib kirishni taqiqlashni taklif etmoqda. Yangi sanksiyalar paketi 2024 yil 1 yanvardan boshlab Rossiya olmoslarini Yevropa Ittifoqiga olib kirishni taqiqlashni ham o‘z ichiga olishi mumkin. 

YeI davlatlari muhokamalarni 17 noyabrda boshlaydi 

«Taklif etilayotgan choralar Ukrainaning Rossiya tomonidan vaqtincha egallab olingan hududlarida «saylovlar»ni tashkil qilganlarga, ukrainalik bolalarni majburan «qayta tarbiyalash»ga mas’ul bo‘lganlarga, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlash maqsadida dezinformatsiya va tashviqot tarqatayotganlarga qarshi qaratilgan», - deyiladi press-relizda. 

EEAS boshqa tafsilotlarni taqdim etmadi. YeI allaqachon Ukrainaga qarshi tajovuzkorlik uchun Rossiyaga nisbatan 11 ta sanksiya paketini kiritgan, oxirgisi Yevropa Ittifoqi kengashi tomonidan 23 iyun kuni ma’qullangan. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar vakillari 17 noyabrda yangi paket bo‘yicha kelishish jarayonini boshlaydi. U yil oxirigacha qabul qilinishi kutilmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid