Jahon | 14:31 / 17.11.2023
6064
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi ekologik jinoyatlar uchun jazoni kuchaytiradi

Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevroparlament atrof-muhitga qarshi jinoyatlar ro‘yxatini kengaytirish va ularga nisbatan jazolarni kuchaytirishga kelishib oldi. Odamlarning o‘limiga olib keladigan ekologik jinoyat 10 yil qamoq bilan jazolanadi.

Foto: Shutterstock

Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevroparlament vakillari 16 noyabr, payshanba kuni Bryusselda ekologik jinoyatlar ro‘yxatini kengaytirish va ularga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga kelishib oldi. Endilikda, odamlarning o‘limiga olib keladigan ekologik jinoyatlar uchun barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida shaxslar 10 yil yoki undan ko‘proq muddatga qamoq jazosiga hukm qilinadi, deya xabar beradi dpa.

Atrof-muhitga qarshi jiddiy jinoyatlar uchun kompaniyalar global tovar aylanmasining kamida 5 foizi yoki 40 million yevro miqdorida jarimaga tortiladi. Kamroq ekologik qoidabuzarliklar uchun jarimalar miqdori kompaniya umumiy aylanmasining 3 foizidan yoki 24 million yevrodan boshlanadi. Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etgan yuridik shaxsdan atrof-muhitning oldingi holatini tiklash yoki unga yetkazilgan zararni qoplash talab qilinishi mumkin. Bundan tashqari, bunday kompaniyalar budjetdan moliyalashtirishdan chetlashtirilishi yoki ularga davlat organlari tomonidan ilgari berilgan ruxsatnomalar bekor qilinishi mumkin.

Ekologik jinoyatlar ro‘yxati 18 ta bandga kengaytirildi. Noqonuniy daraxt kesish yo‘li bilan olingan yog‘ochning noqonuniy muomalasi, mashinalarning atrof-muhitga zararli qismlarini noqonuniy ravishda utilizatsiya qilish, atrof-muhitga zararli kimyoviy moddalardan foydalanish va ularni yo‘q qilish qoidalarini buzish shular jumlasidandir.

Yevropada ekologik jinoyatlar soni ortib bormoqda

«Ekologik jinoyatlar og‘ir va ularning soni ortib bormoqda», — dedi Yevropa Ittifoqining atrof-muhit bo‘yicha komissari Virginiyus Sinkyavichyus Bryusselda erishilgan kelishuvlarni sharhlar ekan. Ekologik jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha takliflar Yevropa komissiyasi tomonidan 2021 yil oxirida, ekspertlar ushbu sohadagi mavjud cheklovlar yetarli darajada samarali emas degan xulosaga kelganidan keyin taqdim etilgan edi.

Yangi qoidalarni joriy etish hali Yevropa Ittifoqi kengashi va Yevroparlament tomonidan yalpi majlisida rasman tasdiqlanishi kerak. Biroq, bu tartiblar rasmiy hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid