O‘zbekiston | 19:58 / 20.11.2023
16309
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident bank sohasi bo‘yicha takliflar bilan tanishdi

Davlat ulushiga ega banklarni xususiylashtirishga tayyorlash, ularning qimmatli qog‘ozlarini “IPO”ga chiqarish, sohaga tajribali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, xodimlarni o‘qitish va IT yutuqlarini joriy qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Rasmiy relizga ko‘ra, so‘nggi uch yilda banklar kapitali 1,8 baravarga, yillik kredit ajratish hajmi 2 baravarga ko‘paygan. 4 ta bank ilk bor “yevrobond” chiqarib, xalqaro kapital bozorlaridan 1 milliard dollar resurs olib kelgan.

Shuningdek, Ipotekabankka strategik xorijiy investor jalb qilingani, 13 ta yangi xususiy bank tashkil etilgani, O‘zbekistonda Vengriya, Qozog‘iston va Gruziya banklari faoliyat boshlagani qayd etilgan. Ta’kidlanishicha, onlayn bank xizmatlari hajmi 2,7 barobarga oshgan.

“Shu bilan birga, bank sektorida raqobat kuchaymoqda, bank xizmatlariga aholi va tadbirkorlar tomonidan talab oshmoqda. Bu sohada transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalarni belgilab olishni taqozo etayotir.

Xususan, davlat ulushiga ega banklarni xususiylashtirishga tayyorlash, ularning qimmatli qog‘ozlarini “IPO”ga chiqarish, sohaga tajribali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi”, – deyiladi xabarda.

Xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, banklarning reytingini oshirish bo‘yicha o‘rta muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, sohada kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablariga moslashtirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda bank rahbarlari transformatsiya va xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish, xodimlarni o‘qitish, sohada ilg‘or IT yutuqlarni joriy qilish bo‘yicha rejalarini aytdi.

Har bir bank o‘zi sarmoya kiritgan loyihalarni chuqur tahlil qilib, ishga tushishini kuzatib borishi, hududlar va sohalarda samardorligi yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishi zarurligi ta’kidlandi, deyiladi prezident matbuot xizmati axborotida.

Mavzuga oid