Jahon | 15:47 / 21.11.2023
5076
2 daqiqa o‘qiladi

Seul: Pxenyan yangi ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshini uchirishga tayyorlanmoqda

Shimoliy Koreya shu haftadayoq ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshini uchirishi mumkin - ehtimol Rossiya yordamida, deb hisoblaydi Janubiy Koreya harbiylari.

Foto: Jung Yeon-je/AFP

Shimoliy Koreya o‘zining birinchi harbiy razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirish bo‘yicha ikki marta muvaffaqiyatsiz urinishlaridan so‘ng, endi uni yana uchirishga hozirlik ko‘rmoqda, deya ma’lum qildi Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi (JCS).

Qo‘mita Pxenyanga qattiq ogohlantirish berib, uchirishga tayyorgarlikni «zudlik bilan to‘xtatishni» talab qildi. «Agar Shimoliy Koreya ogohlantirishga qaramay tayyorgarlikni davom ettirsa, harbiylarimiz xalqimiz hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘radi», — deyiladi 20 noyabr, dushanba kuni Yonhap axborot agentligi xabarida.

Avvalroq Janubiy Koreya mudofaa vaziri Sin Von Sik KBS telekanaliga bergan intervyusida KXDR noyabr oyi oxirigacha o‘zining birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirishga urinib ko‘rishi mumkinligini ma’lum qilgandi, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining operatsiyalar bo‘yicha bosh direktori Kan Xo Pil Pxenyan «bunga shu haftadayoq» yana urinib ko‘rishi mumkinligini bildirdi.

Seul Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvidan so‘ng KXDR zarur texnologiyalarni Rossiyadan olgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda, deb yozadi Yonhap. Janubiy Koreya mudofaa vaziri Sin Von Sikning so‘zlariga ko‘ra, KXDR «Rossiya yordamida» dvigatel bilan bog‘liq muammolarni «deyarli hal qilgan».

Avvalroq Pxenyan may va avgust oylarida sun’iy yo‘ldoshni uchirmoqchi bo‘lgandi, biroq ikkala urinish ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Mavzuga oid