O‘zbekiston | 16:21 / 24.11.2023
5635
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoqning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekistonga keladi

Devid O’Sallivan 29-30 noyabr kunlari Toshkentga keladi. Tashrifdan maqsad – Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi qo‘llayotgan sanksiyalari bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘tkazish. O’Sallivan shu yil aprel oyida ham O‘zbekistonda bo‘lgan edi.

Foto: EU in Uzbekistan

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan 29-30 noyabr kunlari Toshkentga tashrif buyuradi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzga javoban Yevropa Ittifoqi sanksiyalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirish ekanligi keltirilgan. 

O’Sallivanning O‘zbekistonga avvalgi tashrifi joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgandi.

Avvalroq, The Bell nashri 2023 yilning birinchi yarmida Rossiyaning qo‘shni davlatlardan amalga oshirgan importi 5,2 mlrd dollarga yoki 37 foizga oshgani haqida xabar bergandi. Mutaxassislar Rossiya shu yo‘l bilan G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tayotganini va kiritilgan cheklovlar kutilgan natijani bermayotganini taxmin qilishgan.

O’Sallivan bundan 7 oy oldin, aprel oyi oxirida ham O‘zbekistonga kelgan va prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lgan va shundan keyin o‘tkazgan matbuot anjumanida O‘zbekiston o‘z hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilishiga qarshi ekaniga ishonch hosil qilganini aytgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid